Yagona aloqa raqami
  (+998) 71 2000036
;    
Ishonch telefoni
  (+998) 71 2335623

Oʼzbekistonning janubida oʼrta paleolit davriga oid yangi yodgorlik aniqlandi


Oʼzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Milliy arxeologiya markazi xodimlari t.f.d., professor R.Suleymanov boshchiligida Surxondaryo viloyati, Sherobod tumanida arxeologik dala tadqiqotlari olib borildi. Dala tadqiqotlari natijasida Koʼhitangtogʼ tizmasi hududidan paleolit davriga oid yodgorlik aniqlandi. Koʼhitang togʼining ichki qismida koʼplab tor daralar mavjud boʼlib, ularda geologik jarayonlar natijasida koʼplab gʼor va ungurlar shakllangan. Ularning biridan qadimgi davrda ibtidoiy odam ajdodlari mavsumiy boshpana sifatida foydalangan.

Dastlabki kuzatuvlar natijasida yodgorlik yer sathidan koʼplab tosh uzaklar, ularning parchalari, uchrindi va plastinalar hamda qurollar yigʼib olindi. Yodgorlik madaniy qatlamlari holatini aniqlashtirish uchun 1x2 metr hajmida shurf qazildi. Qazuv ishlari yer sathidan 0,5 metr chuqurlikda qoyatosh yotgʼiziqlarida toʼxtatildi. Qazuv ishlari natijasida yodgorlik bitta madaniy qatlamdan iborat ekanligi aniqlandi. Madaniy qatlam kul va kuyindi qoldiqlari bilan qoplangan qoramtir, mayda tarqoq tuproqdan tarkib topgan boʼlib, unda ham koʼplab tosh buyumlar va yovvoyi hayvon suyak qoldiqlari topildi.

  

 

Ushbu yodgorlik hududda ilgari topib oʼrganilgan Teshik-tosh yodgorligiga xronologik va madaniy jihatdan oʼxshashligi bilan ahamiyatlidir. Yodgorlikdan topilgan tosh buyumlar oʼrta paleolit davriga tegishli boʼlib, toshga ishlov berish texnikasi va tosh buyumlar madaniy jihatdan aynan Teshik-tosh yodgorligi anaʼanalarini takrorlaydi.

Hozirda Oʼzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Milliy arxeologiya markazi xodimlari mazkur yodgorlikda tadqiqot ishlarini davom ettirishni rejalashtirmoqda.


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!