Yagona aloqa raqami
  (+998) 71 2000036
;    
Ishonch telefoni
  (+998) 71 2335623

Oʼzbekistonning eng yangi tarixi masalalariga bagʼishlangan matbuot anjumani


Bugun, 22-dekabr kuni Milliy matbuot markazida Oʼzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi huzuridagi Oʼzbekistonning eng yangi tarixi masalalari boʼyicha Muvofiqlashtiruvchi-metodik markazi masʼullari ishtirokida matbuot anjumani tashkil etildi. Unda soʼnggi yillarda Oʼzbekistonning eng soʼnggi tarixini oʼrganish masalalari boʼyicha olib borilayotgan ilmiy izlanishlar haqida maʼlumot berildi.

 

“Markaz jamoasi uncha katta boʼlmasada, ilmiy tashkilotlarning 2020-yildagi ilmiy-innovatsion faoliyati natijalari reytingiga koʼra jami 105 ta ilmiy tashkilotlarning 27 yoʼnalishi boʼyicha 75 ta koʼrsatkichdan 67 oʼrinni egalladi” – deydi Markaz direktori o`rinbosari Feruza O`sarova.

 

Oʼzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi huzuridagi Oʼzbekistonning eng yangi tarixi boʼyicha Jamoatchilik kengashi aʼzolari, Fanlar akademiyasining Tarix instituti, Markaz hamda oliy taʼlim tizimida faoliyat olib borayotgan yetakchi olimlar tomonidan ikki kitobdan iborat “Oʼzbekiston tarixi (1917–1991 yillar)” fundamental tadqiqoti 2019-yilda chop etildi. Fanlararo yondashuv asosida rus tilida 2018-yili “Oʼzbekistonning eng yangi tarixi” darsligi yaratildi. Ushbu darslik MDH mamlakatlarida eng yangi tarix boʼyicha dastlabki darsliklardan biri boʼlib, 2020-yilda qayta ishlangan va toʼldirilgan 2-nashri ham chop etildi.

Markaz tomonidan tayyorlangan “Аrxivshunoslik” darsligi, “Muzeyshunoslik”, “Harakatlar strategiyasini “case-study” interaktiv uslubida oʼrganish” kabi oʼquv qoʼllanmalar chop qilindi. Mazkur adabiyotlar tayyorlanishida turli OTMdagi oʼqituvchilar, ITMdagi olimlar va bevosita amaliyotda faoliyat olib borayotgan mutaxassislar muallif sifatida jalb qilinganligi bilan ham eʼtiborlidir. Shuningdek, oʼrta taʼlim maktablarining 11-sinf va oʼrta-maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalari oʼquvchilari uchun “Oʼzbekiston tarixi (Mustaqillik davri)” darsligi chop etildi.

 “Oʼzbekiston eng yangi tarixining dolzarb masalalari” jurnali nashr etilmoqda. 2020 yilda Markaz tomonidan bir qator vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda tayyorlangan “Oʼzbekiston xalqining fashizm ustidan qozonilgan gʼalabaga qoʼshgan hissasi” nomli kitob-albom oʼzbek, rus va ingliz tillarida (Toshkent: Oʼzbekiston, 2020. – 320 b.) chop etildi. 2021-yilda vazirliklar va muassasalar bilan birgalikda" Oʼzbekiston ikkinchi jahon urushi davrida" nomli kitob-albom tayyorladi. Mazkur kitob-alьbom oʼzbek, rus va ingliz tillarida chop etilgan. ( Toshkent : Oʼzbekiston, 2021. – 278 bilan. )

Soʼnggi 5 yilda Markaz ilmiy xodimlari tomonidan 67 maqola (25 tasi xorijda) va 133 ta tezis (ulardan 31 tasi xorijda), 28 ta monografiya, darslik, oʼquv qoʼllanmalar nashr etilgan. Shuningdek, Markazda chop etilgan 1 ta darslik va 2 ta oʼquv qoʼllanmaga 3 ta mualliflik guvohnomalari olingan.

Xalqaro ilmiy aloqalar faollashmoqda, 2017–2021-yillar davomida Germaniya, Rossiya, Belarus Respublikasi ilmiy tadqiqot hamda jamoat muassassalari bilan hamkorlik toʼgʼrisida memorandumlar, shartnomalar imzolandi. Hamkorlik doirasida xalqaro davra suhbatlari, konferensiyalar, seminarlar oʼtkazilmoqda, qoʼshma nashr ishlari tayyorlanmoqda.

Matbuot anjumani yakunida jurnalistlar oʼzlarini qiziqtirgan savollarga javoblar oldilar.

 


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!