Tarix fanlari doktori, professor, O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan fan arbobi Rashidov G'ulomqodir Rashidovich 2020-yil 1-avgust kuni 94 yoshida vafot etdi.
1926-yil 6-iyulda Toshkent shahrining Beshyog'och dahasida tavallud topgan. 1943-yil O'rta Osiyo davlat universitetining tarix fakultetiga o'qishga kirgan. Ilmiy faoliyatini 1960-yildan O’zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasida boshlagan. 1967-1986-yillar davomida O’zR FA Tarix institutining “Shaharlar tarixi” bo'limi mudiri, 1960, 1986-1992-yillarda O'zbekiston tarixi davlat muzeyi direktori vazifasida faoliyat ko'rsatgan.
Ilmiy faoliyati davomida O'zbekiston shaharlarining tarixini o'rganishga katta e'tibor berdi. 1960-1980-yillarda ko'pgina shaharlar tarixi, ularning jamiyatdagi ahamiyatiga oid ilmiy tadqiqotlar olib borildi. Uning rahbarligida Toshkent, Samarqand, Xorazm, Andijon, Qo'qon va boshqa shaharlar tarixini o'zida aks ettiruvchi qator ilmiy nashrlar chop etildi. Qadimgi shaharlar bilan bir qatorda XX asrda tashkil topgan shaharlar tarixi bo'yicha ham katta izlanishlar olib bordi. Olimning sa'y-harakati bilan Olmaliq, Bekobod, Chinoz, Navoiy, Boysun, Yangiyer, Guliston kabi o'nlab yangi shaharlar tarixini yaratildi.
O'zining muzeydagi faoliyati davomida muzey ekspozitsiyasini takomillashtirish, muzeyshunoslikka oid ilmiy asarlar nashr etish, muzey fondlarini boyitishda alohida faollik ko'rsatdi.
G'.Rashidov 160 dan ortiq ilmiy nashrlar, 300 dan ortiq maqolalar chop etgan. Shuningdek, uning rahbarligida 30 dan ortiq fan doktori va nomzodlari muvaffaqiyatli himoya qildi. O'zining ilmiy-pedogogik faoliyati davomida Toshkent irrigatsiya va qishloq xo'jaligini mexanizatsiyalash muxandislari instituti, Toshkent temir yo'l transporti muhandislari institutida talabalarga O'zbekiston tarixidan saboq berdi.
Bugungi kunda G'.Rashidovning ko'plab shogirdlari uning ilmiy maktabi davomchisi sifatida faoliyat ko'rsatmoqdalar.
O'zR FA O'zbekiston tarixi davlat muzeyi