Yagona aloqa raqami
  (+998) 71 2000036
;    
Ishonch telefoni
  (+998) 71 2335623

Oʼzbekistonda birinchi marta SARS-CoV-2 virusining 32 ta namunasi genomlari oʼqildi


Oʼzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Genomika va bioinformatika markazi olimlari tomonidan O’zbekistonda birinchi marta koronavirusning toʼliq genomlari oʼqildi va bioinformatik tahlil ishlari olib borildi. Natijalar koronavirus genom maʼlumotlari uchun ochiq maʼlumotlar tarmogʼi – GISAID (https://www.gisaid.org) maʼlumotlar bazasiga joylandi va tegishlicha rasmiylashtirildi.

Shu munosabat bilan Oʼzbekiston oʼz hududida koronavirusning barcha variantlarini DNK ketma-ketligining toʼliq sekvenlagan 50 ta mamlakat qatoriga kirdi. FA Genomika va bioinformatika markazi olimlari tomonidan Toshkent viloyati Sanitariya-epidemiologiya va jamoat sogʼligʼi boshqarmasi hamda Biogen Med xususiy klinikasidagi birlamchi virus yuqtirgani tasdiqlangan fuqarolarining 62 nafaridan namunalar olindi va yangi avlod sekvenatori yordamida ularning 32 ta namunasi toʼliq sekvenlash orqali tahlil qilindi yoki boshqacha qilib aytganda, DNK ketma-ketligi oʼqildi. Bu 29 903 nukleotid deganidir.

Shuningdek, olimlar qator bioinformatik tahlillar yordamida (Nextclade) Oʼzbekistonda tarqalgan virus variantlari hozirgacha oʼqilgan koronavirus maʼlumotlar bazasidagi genomlar bilan solishtirdilar. Natijada, Oʼzbekistondagi COVID-19 variantlarining 18 tasi shajaradagi oʼrni aniqlandi. Unga koʼra, mamlakatimizda uchrayotgan COVID-19 ning variantlari GR (20V) va S (19V) guruhlariga mansubligi ayon boʼldi. Shajaraning GR (20V) tarmogʼida Oʼzbekiston bilan birgalikda asosan Yevropa, Osiyo, Аfrika va Аvstraliya qitʼasi vakillari joylashgan boʼlsa, S (19V) guruhida esa Osiyo va Аfrikaga xos virus genomlari joylashgan. Bu ushbu ikkita guruh orqali mamlakatimizga kirib kelgan viruslarning manbai bitta emasligini anglatadi.

Taʼkidlash joizki, SARS-CoV-2 virusining genom maʼlumotlari ilk bora 2020-yilning yanvar oyida Xitoyda aniqlangan. Oʼsha paytdan boshlab butun dunyoda tarqalgan koronavirus namunalari olinib, genomlarini sekvenlash ishlari boshlandi. Genomlarni aniqlash mahalliy va global miqyosda epidemiologik tadqiqotlar oʼtkazish uchun zarur boʼlib, virusning evolyutsion tahlilini amalga oshirish, uni qaerda paydo boʼlgani, qanday mutatsiyalarga uchragani va boshqa maʼlumotlarni beradi. Bu maʼlumotlar yordamida esa vaktsina yaratiladi. Oʼzbekistonda tarqalgan koronavirus variantlari haqidagi maʼlumotlar aynan yurtimizda tarqalgan shtammlarga qarshi yoʼnaltirilgan milliy vaktsinamizni yaratish ishlari uchun oʼta muhimdir.

Oʼzbekistonda tarqalgan COVID-19 variantlaring toʼliq genom DNK ketma-ketliklarining aniqlanishi va dunyo maʼlumotlar bazasi bilan qiyosiy tahlillari virusning yurtimiz sharoitida oʼzgarishining doimiy monitoringini amalga oshirishdagi katta qadam boʼldi. Qolaversa, bu oxirgi yillarda Yangi Oʼzbekistonda ilm-fan va olimlarimizga yaratib berilayotgan katta imkoniyatlarning dastlabki natijalaridan biridir.


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!