Yagona aloqa raqami
  (+998) 71 2000036
;    
Ishonch telefoni
  (+998) 71 2335623

Oʼzbekiston ilm-fani ogʼir judolikka uchradi


Taniqli olim, biofizika fanining Oʼzbekistondagi asoschilaridan biri, akademik Bekjon Toshmuhamedov 85 yoshida vafot etdi.

Bekjon Toshmuhamedov 1935-yil 27-yanvarda Toshkent shahrida tugʼildi. 1958 yili Moskva davlat universiteti va uning aspiranturasida tahsil oldi. 1962-yili nomzodlik, 1971-yili doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi. 1987-yilda Oʼzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining haqiqiy aʼzosi etib saylandi.

Mehnat faoliyatini 1962 yili Toshkent davlat universitetida (hozirgi Oʼzbekiston Milliy universiteti) kichik ilmiy xodim sifatida boshladi. Oʼzbekiston Milliy universiteti dotsenti, kafedra mudiri, Fanlar akademiyasi Fiziologiya va biofizika instituti direktori, Respublika Oliy attestatsiya komissiyasi raisi, Fanlar akademiyasi Prezidiumi Biologiya fanlari boʼlimi raisi, Biokimyo instituti biofizika laboratoriyasi mudiri, Oʼzbekiston Milliy universiteti huzuridagi Biofizika va biokimyo instituti bosh ilmiy xodimi lavozimlarida samarali xizmat qildi.

B.Toshmuhamedov biofizika, hujayra fiziologiyasi va tabiatni muhofaza qilish boʼyicha yirik tadqiqotchi sifatida tanilgan olim edi. Uning biofizika maktabini dunyoga tanitishda muhim ahamiyatga ega boʼlgan dolzarb mavzulardagi ilmiy maqola va tadqiqotlari, risola va monografiyalari yurtimiz va chet el ilmiy jamoatchiligi oʼrtasida eʼtibor qozondi.

Olim hujayra membranasiga taʼsir qiluvchi faol moddalarning tadqiqoti boʼyicha Oʼzbekistonda ilmiy markaz yaratdi. Xalqaro miqyosda keng eʼtirof etilgan ushbu markazning biofizika laboratoriyalarida Xitoy, Koreya Respublikasi, Hindiston, Аrab mamlakatlari, Polьsha va boshqa davlatlardan izlanuvchilar kelib tadqiqot ishlarini amalga oshirdilar.

B.Toshmuhamedov АQSh, Аngliya, Germaniya, Frantsiya, Shvetsiya, Daniya kabi mamlakatlarning bir necha xalqaro ilmiy markaz va akademiyalarining faxriy aʼzosi edi.

Jonkuyar olim koʼplab isteʼdodli yoshlarga ustozlik qildi. Uning rahbarligida oʼnlab fan doktorlari va fan nomzodlari yetishib chiqdi.

Аkademik B.Toshmuhamedovning mamlakatimiz ilm-fanini rivojlantirish borasidagi xizmatlari davlatimiz tomonidan munosib taqdirlandi. U Beruniy nomidagi Oʼzbekiston Respublikasi Davlat mukofotiga va “Oʼzbekistonda xizmat koʼrsatgan fan arbobi” unvoniga sazovor boʼlgan edi.

Аtoqli olim, mehribon ustoz, kamtarin inson Bekjon Toshmuhamedovning yorqin xotirasi qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi.

Sh.Mirziyoyev, T.Narbayeva, N.Ismoilov,

А.Аripov, B.Yoʼldoshev


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!