Yagona aloqa raqami
  (+998) 71 2000036
;    
Ishonch telefoni
  (+998) 71 2335623

"O'zbek tilining izohli lug'ati" yangi tahrirda


Ma'lumki, jamiyatda yuz berayotgan o'zgarishlar birinchi navbatda tilimizda aks etadi.  Respublikamiz hayotining barcha sohalarida ro'y berayotgan katta o'zgarishlar, rivojlangan juda ko'p mamlakatlar bilan aloqalarning tobora kuchayib borayotganligi qisqa vaqt ichida o'zbek tili, xususan, uning leksikasi rivojiga sezilarli ijobiy ta'sir ko'rsatdi. Masalan, bozor iqtisodiyoti, yangicha iqtisodiy siyosat tizimidagi avizo, audit, auditor, broker, depozit, diler, konsalting, lizing, menejer, menejment, monitoring, nou-xau, sanatsiya, xolding kabi; fan va texnikaga oid yangi tushunchalarni ifodolovchi displey, internet, monitor, printer, sayt, skaner, fayl singari bir qancha yangi so'zlarning keng qo'llana boshlashi; vazir, domla, mirshab, posbon, hokim kabi so'zlarning yangicha ma'nolar kasb etishi, o'zbek sportining rivojlanishi tufayli kurash, yonbosh, chala, halol kabi so'zlarning yangi ma'nolarga ega bo'lishi, yuzlab diniy-tasavvufiy va falsafiy atamalarning iste'molga kirib kelishi ayni shu ijobiy ta'sir natijasidir.

O'zbek tili lug'at tarkibida yuz bergan jiddiy o'zgarishlar munosabati bilan davr talabiga javob beradigan izohli lug'at yaratish zarurati kelib chiqdi va akademik A.Hojiyev rahbarligida O'zR FA O'zbek tili, adabiyoti va folklori institutining (oldingi Alisher Navoiy nomidagi Til va adabiyot instituti) bir guruh lug'atshunoslari tomonidan 2006 – 2008-yillarda 5 jildli “O'zbek tilining izohli lug'ati” yaratilgan va nashr etilgan. Lug'atga 80 mingga yaqin o'zbek adabiy tilida keng iste'molda bo'lgan so'z va so'z birikmalari, fan, san'at, madaniyat va texnika sohalariga oid terminlar, shevalarda qo'llanadigan so'zlar, tarixiy atamalar jamlangan.

2020-yilda ushbu izohli lug'at, mutaxassislar va keng o'quvchilar ommasining talab va ehtiyojlaridan kelib chiqib, O'zR FA O'zbek tili, adabiyoti va folklori instituti bo'lim boshlig'i, f.f.n. Abduvahob Madvaliyev tahriri ostida tuzatilgan holda 3 ming nusxada qayta nashr etildi.

 


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!