O始zbekiston Respublikasining cho始llanishga qarshi kurashish Milliy dasturining (1999) “Cho始llanishni kartografik tahlil qilish va baholash uchun matematik modellashtirish, bundan tashqari, sun始iy yo始ldosh ma始lumotlari yordamida cho始l hududlaridagi yaylov o始simliklar qoplami holatining kuzatuv tizimi asosidagi tadqiqot metodlarini ishlab chiqish” vazifalariga binoan O’zbekiston Fanlar akademiyasi Botanika instituti hamda Mo始ynoq davlat o始rmon xo始jaligi o始rtasida Orol dengizi qurigan tubining o始simliklar holatini baholash, yaylovlarini inventarizatsiyalash va natijada Mo始ynoq davlat o始rmon xo始jaligi yaylovlarining elektron-raqamli xaritalarini tuzish bo始yicha olib borilayotgan hamkorlikdagi tadqiqotlari doirasida Orol dengizi qurigan tubining 810 000 gektar maydonidagi yaylovlarining, jumladan, tabiiy o始simliklar qoplamidan iborat bo始lgan yashil qoplamalarning holati o始rganildi.

Tadqiqotlar natijalari asosida, Orol dengizi qurigan tubining jami 2 274 976 gektar hududi raqamlashtirildi va kartografik birliklarga ajratildi. Yaylov hududi 34 ta kartografik birliklardan iborat bo始lib, tarkibida o始simlik qoplamiga ega bo始lmagan maydonlar hamda galofil, psammofil, gipsofil, to始qay yaylov sinflariga mansub bo始lgan yaylov tiplarini o始z ichiga olishi aniqlandi.


Tadqiqotlar davomida O始zbekiston Respublikasi O始rmon qo始mitasi qoshidagi “O始rmonloyiha” davlat unitar korxonasi xodimlari bilan birgalikda dengizning qurigan tubidagi 袗xantay rayoni va unga janubiy va janubi-sharqiy tomondan chegaradosh hududlar ham batafsil monitoring qilindi.
Tadqiqotlar davomida dengizning qurigan tubida o始rmon melioratsiyasi tadbirlarini amalga oshirish mumkin bo始lgan hududlar aniqlandi hamda dengizning qurigan tubining tabiiy o始simliklar bilan qoplanish jarayoni bosqichlari ilmiy asoslab berildi.