Yagona aloqa raqami
  (+998) 71 2000036
;    
Ishonch telefoni
  (+998) 71 2335623

Orol dengizi tubidagi suvi qurigan hududlarda 1 mln gektarga yaqin maydonda oʼrmon barpo etildi


Hozirgi kunda Orol dengizining qurib ketishi tufayli jami 5 mln gektar maydon, shundan taxminan 2,5-2,7 mln gektar maydon Oʼzbekiston Respublikasi hududida, 2,5-3,0 mln gektar Qozogʼiston Respublikasi hududida tuzli-qum sahrosi hosil boʼlgan. Har yili Orol dengizining qurigan tubidan havoga 90-100 million tonnadan ortiq tuz, chang va qum koʼtarilib atrof tabiiy muhitga jiddiy zarar yetkazishi kuzatilmoqda.

Orol dengizi tubidagi suvi qurigan hududlarda “yashil qoplamalar” — himoya oʼrmonzorlari barpo etish, ekologik muhitni barqarorlashtirish hamda tabiiy muvozanatni tiklash maqsadida Oʼzbekiston Respublikasi Oʼrmon xoʼjaligi davlat qoʼmitasi tomonidan bir qator tizimli ishlar olib borilmoqda. Oʼrmonchilar tomonidan 1985-yillardan boshlab har yili 14-20 ming gektarda oʼrmon melioratsiya ishlari olib borilib, 2017-yilgacha qariyib 600 ming gektarga yaqin saksovulzorlar barpo etilgan boʼlsa, 2018-yildan boshlab esa mutloqo yangicha bosqichga koʼtarilib, misli koʼrilmagan ishlar amalga oshirilgan.

Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev tomonidan Orol dengizi tubidagi suvi qurigan hududlarda “yashil qoplamalar” — himoya oʼrmonzorlari barpo etishning qoʼllab-quvvatlanishi va Oʼzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 24-dekabrdagi “Orol dengizi tubidagi suvi qurigan hududlarda “yashil qoplamalar” — himoya oʼrmonzorlari barpo etish boʼyicha chora-tadbirlar toʼgʼrisida”gi qarori ijrosini taʼminlash maqsadida Oʼzbekiston Respublikasi Oʼrmon xoʼjaligi davlat qoʼmitasi tomonidan 1 mln gektar maydonda tuproqning strukturasiga asoslanib saksovul, yulgʼun, qandim, qoraburoq va boshqa choʼl oʼsimliklarining koʼchatlari va urugʼlari ekildi.

 

Joriy yil iyun oyida Orol dengizi tubidagi suvi qurigan hududlarda 2019-yil qish va 2020-yil bahor mavsumida mobaynida 1 mln gektar maydonda ekilgan oʼrmonda Oʼzbekiston Respublikasi Oʼrmon xoʼjaligi davlat qoʼmitasi boshchiligida Oʼzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Botanika instituti, Kadastr qoʼmitasi, Oʼsimliklar himoyasi instituti hamkorligida 45 kishidan tashkil topgan 12 ta guruh ishtirokida monitoring oʼtkazildi.

Monitoring natijalari asosida Orol dengizi tubidagi suvi qurigan hududlarda olib borilgan amaliy ishlarning ijobiy va salbiy koʼrsatkichlari tahlil qilinib kelgusi mavsumda bajariladigan vazifalar belgilab olindi.

 


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!