Yagona aloqa raqami
  (+998) 71 2000036
;    
Ishonch telefoni
  (+998) 71 2335623

Optika sohasida yetuk olim Saidislom Qurbonov olamdan oʼtdi


OʼzR FА Ion-plazma va lazer texnologiyalari instituti Nanotarkibiy materiallarda optik va elektron jarayonlar laboratoriyasi mudiri, optika sohasida yetuk olim, professor Saidislom Saidgʼoziyevich Qurbonovning  vafoti munosabati bilan marhumning oila aʼzolari va yaqinlariga chuqur hamdardlik bildiramiz.

Saidislom Qurbanov 1956-yil Toshkent shahrida tugʼilgan. 1978-yili Toshkent davlat universitetini tamomlagan. 1980-yildan Oʼzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Issiqlik fizikasi boʼlimida oʼz ilmiy faoliyatini boshlagan. 2000-yili “Optik shisha va kristallarda elektron uygʼotishlar va lyuminestsentsiya” mavzusida doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgan. 2016-2017-yillarda Toshkent davlat texnika universiteti kafedra mudiri, 2017-yilda Nanotarkibiy materiallarda optik va elektron jarayonlar laboratoriyasi mudiri lavozimida ishlab kelgan.

42 yillik ilmiy faoliyati davomida

- rux oksidi asosli nanostrukturali materialar sintez qilish va gibrid geterostrukturalar yaratish; nanomateriallarning strukturaviy, optik va elektr xossalarini tadqiq qilish;

- nanokristallar, nanorodlar va yupqa plyonkalar, foton kristallarining lazer lyuminestsent spektroskopiyasi;

- nanostrukturali materialarda nochiziqli hodisalar va defektlar hosil qilish;

- kremniy karbidida va rux oksidida sirt elektron hodisalari;

- nanozarralar, plyonkalar va suyuq strukturalar elektron mikroskopiyasi ilmiy yoʼnalishlarida tadqiqotlarni amalga oshirdi.

S.S.Qurbonov fan va taʼlimni uygʼunlashtirish borasida Oʼzbekiston Milliy universiteti talabalariga “Fotonika” fanidan maʼruza va amaliy mashgʼulotlarni olib borgan, talabalarning malakaviy bitiruv ishlari va magistrlik dissertatsiyalariga, shuningdek, 1 nafar PhD va 1 nafar DcS doktorlik dissertatsiyalariga rahbarlik qilgan.

S.S.Qurbonov tomonidan 80 dan ortiq ilmiy ishlar eʼlon qilingan, jumladan, Web of Science va Scopus xalqaro baʼzalarida indeksatsiyalanadigan xorijiy ilmiy jurnallarida 50 dan ortiq ilmiy maqolalari chop etilgan. Shuningdek, 2000-2012 yillar davomida Janubiy Korea, АQSh, Yaponiya, Hindiston, Moldava va Gruziya kabi davlatlarda xalqaro anjumanlar va ilmiy stajirovkalarda muntazam qatnashib kelgan.

Oʼzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi jamoasi nomidan Saidislom Qurbonovning oila aʼzolari, yaqinlari, hamkasblari va shogirdlariga chuqur hamdardlik bildiramiz.


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!