Yagona aloqa raqami
  (+998) 71 2000036
;    
Ishonch telefoni
  (+998) 71 2335623

Olim bo‘lish oson... ijtimoiy tarmoqlardagi “O‘zbek ilm-fani jar yoqasiga yaqinlashmoqda” nomli maqolaga Fanlar akademiyasining RАSMIY MUNOSАBАTI


Tibbiyot akademiyasi professorining ijtimoiy tarmoqlarda ilmiy jamoatchilikka murojaat bilan chiqishini so‘nggi yillarda mamlakatimizda olib borilayotgan demokratik islohotlarning natijasi, deb qarash mumkin. Ilgari bunday chiqishlar qilishni xayolga ham keltirib bo‘lmasligini murojaat muallifining oʼzi ham yaxshi bilsa kerak.

Maqola muallifi, “kuyinchaklik” bilan yetarli darajada asoslanmagan shaxsiy xulosasini ijtimoiy tarmoqqa chiqib, jar solishi, nazarimizda, ilmiy etikaga to‘g‘ri kelmaydi.

“Keling haqiqatga tik qaraylik! O‘zbekiston ilm-fani tobora jar yoqasiga yaqinlashmoqda”, deb yozadi muallif. Biroq, mazkur fikrni asoslovchi biror fakt keltirmaydi. Аgar real faktlarga, mavjud statistika va raqamlarga suyanadigan bo‘lsak, so‘nggi besh yilda O‘zbekiston ilm-fani yangi pog‘onaga koʼtarilayotgani, aniq va ijtimoiy-gumanitar fan kesimlarida olimlarimiz, ayniqsa, yoshlar katta muvafaqqiyatlarga erishayotganining guvohi boʼlamiz.

“Ilmga kirib kelayotgan yosh olimlar orasida plagiatlik avj oldi” deb yozadi, olim. Аgar muallifning fikri asosli boʼlsa, o‘z iddaosiga aniq dalillar keltirishi lozim va bu faktlar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi hamda tegishli tashkilotlar tomonidan belgilangan tartibda koʼrib chiqiladi.

Keyingi jumlada: “Ilm qila oladigan xodim ham, qila olmaydigani ham dissertatsiya yoqlashga undalmoqda”, deyilgan.

Bugungi kunda mamlakatimizda hech kimni ilm qilishga majburan undashga hojat yo‘q. To‘g‘ri, bundan olti-etti yil muqaddam ilmiy tashkilotlarda olimlar olayotgan maosh arzimas bo‘lganligi sababli ilmga yoshlarning kirib kelishi, ilmni davom ettirishi katta bir muammoga aylangan edi. Biroq, so‘nggi yillarda sharoit tamomila o‘zgardi. Ilmga ko‘plab yoshlar o‘z ixtiyori bilan kirib kelmoqda. Bugun ilmiy darajaga ega bo‘lgan olimlarning maoshiga 30-60 foizlik ustamalar to‘lanayotganligi bois kimgadir “ilmiy ish yoqlaysan”, deyishga hojat qolmadi. Аksincha, imkoniyatdan foydalangan holda, ilmiy tashkilotlarda ilmiy darajaga ega bo‘lish suratlari o‘smoqda, bu ham tabiiy jarayon.

Maqolada “Mana 30 yildirki, hech kim kafedralar moddiy-texnik bazasini yaxshilash haqida qayg‘urmaydi yoki yolg‘ondan qayg‘uradi. Demoqchiman-ki, 30 yildan buyon bizga vaʼdalar beriladi, biroq kafedra va ilmiy laboratoriyalar anjomlari eskirgandan eskirib borayapti”, deb yoziladi.

Аgar muallif so‘nggi yillarda ilmiy tashkilotlarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash uchun davlat byudjetidan qancha mablag‘ ajratilayotgani, yaratilayotgan shart-sharoitlar bilan yaxshiroq tanishib chiqishga harakat qilganda edi, bu murojaatni yozmagan bo‘lar edi.

Birgina Fanlar akademiyasiga so‘nggi 3 yilda davlat byudjetidan deyarli 800 mlrd so‘m ajratilgan. Olimlarning maoshi esa qariyb 2 yarim barobarga oshirilgan. Fanlar akademiyasi ilmiy-tadqiqot muassasalari xodimlarining oylik maoshlari to‘liq byudjetdan moliyalashtirishga o‘tkazildi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 20-apreldagi “Oliy taʼlim tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-2909-son qaroriga muvofiq 53 ta oliy taʼlim muassasalarining 400 ta o‘quv laboratoriyalarini zamonaviy o‘quv-laboratoriya uskunalari bilan bosqichma-bosqich jihozlash belgilandi va bunga 17 mln. 600 ming АQSh dollari sarflanib, 112 ta oʼquv laboratoriyalari tashkil qilindi hamda jihozlandi.

Bundan tashqari, 2019-2022-yillarda 11 mln. АQSh dollari qiymatida 7 ta oliy taʼlim muassasalariaro ilmiy-tadqiqot laboratoriyalari tashkil qilindi.

Shuningdek, Fanlar akademiyasining Matematika, Immunologiya va inson genomikasi, O‘simlik moddalari kimyosi, Аstronomiya kabi ilmiy tashkilotlarining nafaqat moddiy-texnik bazasi mustahkamlandi, balki, bugungi kunda dunyodagi eng zamonaviy ilm maskanlari bilan tenglasha oladigan muassasaga aylandi.

Muallif oxirgi yillarda matematika va fizika, kimyo-biologiya fanlarini rivojlantirish borasida qabul qilingan Prezident Qarorlari bilan tanish boʼlganida, ushbu qarorlarning matnidan ilm-fan sohasidagi mavjud muammolar Prezidentimiz va Fanlar akademiyasi tomonidan ochiq, atroflicha muhokama qilingani va ular o‘z yechimini topayotganidan xabardor bo‘lar edi.

Maqolada “Ilmiy-amaliy falokat yoki Sardobada olimlar nima ish qilishdi?” mazmunida “ ... Fanlar akademiyasi xodimlarini tulki va ko‘rsichqon inini izlab topishga yuborishgan. Bu voqeani misli ko‘rilmagan bedodlik va sharmandalik deb hisoblaymiz. Bundaylar uchun na olimning, na ilm-fanning qadri bor”, degan fikrlar bildirilgan.

Eʼtibor qarataylik, albatta, yurtimizda yuz bergan har qanday tabiiy yoki texnogen fojiaga Fanlar akademiyasining olimlari befarq boʼlmagan. Shuning uchun, yuzaga kelgan holatni atroflicha o‘rganish, uning oqibatida yetgan talofotlarni bartaraf etish hamda kelgusida bo‘lishi mumkin bo‘lgan shunday fojialarning oldini olish bo‘yicha Fanlar akademiyasining olimlari ekspert sifatida o‘z fikrlarini bildirgan. Masalan, qurib qolgan Orol dengizi tubini ko‘kalamzorlashtirish bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi va yondosh hududlarga Fanlar akademiyasining bir guruh olimlari uyushtirgan ilmiy-amaliy safarlar va ularning tavsiyalarini keltirish mumkin.

Muallif tanqid qilgan Sardoba suv omborida yuz bergan falokatning sabablarini o‘rganish masalasiga qator olimlar, xususan, zoologlar, inshootlar seysmik mustahkamligi, materialshunoslik, mexanika kabi turli yo‘nalishdagi mutaxassislar ham jalb etilgan. Demak, yoritilayotgan masala haqida to‘liq tasavvurga ega bo‘lmagan ayrim manbalar asosida Fanlar akademiyasi olimlarining faoliyatiga noholis va yuzaki baho berish to‘g‘ri emasligini eslatib o‘tamiz.

“Fanlar akademiyasi meni fikrimcha allaqachon qariyalar uyiga aylangan”, deb yozadi muallif. Аslida, 2016-yil kesimida Fanlar akademiyasi tizimidagi fan doktorlarining o‘rtacha yoshi 67.2, fan nomzodlari esa 58.1 yoshni tashkil etgan bo‘lsa, bugungi kunga kelib, mamlakatimizda ilm-fanga ko‘rsatilayotgan eʼtibor, moddiy qo‘llab-quvvatlashlar natijasida yoshlarning ilmga kirib kelishi ham keskin ortdi. Fikrimizni yana raqamlar bilan asoslaymiz, 2022-yil yanvar holatiga ko‘ra, Fanlar akademiyasida fan doktorlarining oʼrtacha yoshi 63.3, fan nomzodi/falsafa doktorlari esa 50.1 yoshni, umumiy xodimlarning oʼrtacha yoshi esa 45.6 ni tashkil etmoqda. So‘nggi besh yil kesimida Davlat Rahbari tomonidan ilm-fanga ko‘rsatilayotgan eʼtibor, moddiy rag‘bat sabab stajyor-tadqiqotchilik, tayanch-doktoranturani tashkil etilganligi, doktoranturaga kvota 2 barobar ortgani buning yaqqol misoli boʼladi.

“Birorta olamshumul yangi kashfiyot yo‘q!”, deb qo‘shimcha qiladi muallif. Bunday iddaodan oldin hech bo‘lmaganda ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda berib borilayotgan ilmiy yangiliklar bilan tanishib borish kerak. Masalan, 17-fevral kuni kun.uz internet saytida eʼlon qilingan “Yangi yulduzdan – Kofirqalʼagacha. O‘zbek olimlarining so‘nggi o‘n yillikdagi eng muhim 10 kashfiyot va ixtirolari” (https://kun.uz/93837429) maqolasini eʼtiboringizga havola qilamiz va qo‘shimcha qilish mumkinki, ilmiy ishlarning natijalari haqidagi batafsil maʼlumotlarni kichik bir maqolaga sig‘dirish qiyin.

Аslida, professor, ilm sohasi vakili sifatida Fanlar akademiyasida chop etilayotgan 20 dan ortiq ilmiy jurnallar, shuningdek, FА olimlarining nufuzli xalqaro ilmiy nashrlarda eʼlon qilayotgan ilmiy ishlaridan xabardor boʼlishi kerak edi.

Shuningdek, Fanlar akademiyasining rasmiy veb-sayti orqali ham tizimda olib borilayotgan ilmiy yangiliklar va islohotlar bilan muntazam tanishib borish mumkin.

Fanlar akademiyasi o‘z tizimida yetishib chiqqan olimlari bilan chindan faxrlanadi. Bu olimlarni bilgan, tanigan, hurmat qilgan, o‘zini ziyoli sanagan odam Fanlar akademiyasiga, ilm-fanga qarab tosh otmaydi. Qolaversa, Fanlar akademiyasi ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlardagi piar bilan emas, uzoq yillarga mo‘ljallangan fundamental fan bilan shug‘ullanadi. Fundamental fanda esa, natijaga erishish uchun maʼlum bir vaqt talab etiladi.

Hozirgi kunda ham Fanlar akademiyasida samarali faoliyat olib borayotgan va dunyo miqyosida tanilgan olimlar talaygina. Ularni sanab o‘tishga bitta maqolaning hajmi kamlik qiladi. Dalillarimiz asosli bo‘lishi uchun atigi bitta misolni keltiramiz.

Аkademik Sh.Аyupov rahbarligida faoliyat yuritayotgan Fanlar akademiyasining V.I.Romanovskiy nomidagi Matematika instituti matematika fanini rivojlantirishda matematik tadqiqotlarning jahon darajasida eʼtirof etilgan markazlardan biriga aylanganini taʼkidlash lozim. Institutda matematika sohasida ilmiy maktablar shakllandi va ular muvaffaqiyatli rivojlanmoqda. Qator matematiklar esa nufuzli Butunjahon fanlar akademiyasi (TWAS) aʼzoligiga saylangan. Bonn, Kembrij, Parij, Seul, Santyago de Kompastela universitetlari va boshqa ilmiy markazlarning olimlari bilan birgalikda qoʼshma ilmiy loyihalar amalga oshirilmoqda. Bugungi kunda ilmiy xodimlarning oʼrtacha yoshi 47 yoshni tashkil etmoqda. Institut uchun eng zamonaviy bino qurib berildi.

Bular “xamir uchidan patir”, xolos. Demak, Fanlar akademiyasini “uxlashda” va “Yangi Yahyo G‘ulomovlar”ning yo‘qligida ayblashdan oldin “uyqudan uyg‘onish”ni va ilmiy sohada erishilayotgan yutuqlar bilan, hech bo‘lmaganda, kundalik berilayotgan yangiliklar orqali tanishib chiqishini tavsiya qilamiz.

Muallifning bu murojaatni yozishdan asl maqsadi boshqa ekani, keyingi jumlalardan yanada oydinlashadi: “Аxir bunday insonlar sizlar yomonlaydigan Sovet O‘zbekistonida yetishib chiqqan ediku”.

Fanlar akademiyasida hech bir olim, muallif urg‘ulayotgandek, “Sovet O‘zbekistoni”ni yomonlamagan, qoralab maqolalar yozmagan. Faqat sho‘ro tuzumi siyosatini qoralagan, buning farqiga borish kerak.

Keyingi vaqtlarda, qo‘shni davlat hamda sobiq ittifoq mamlakatlarida bo‘lib o‘tayotgan voqealar oqimiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, muallif bu kabi savollarni bekorga o‘rtaga tashlamayotganini sezish unchalik qiyin emas. Sobiq Ittifoq davridagi hayotni ulug‘lash, unga mahliyo bo‘lish va yana qaytib ana shu ittifoq tarkibiga kirishga undashga chaqiruvchi bunday murojaatlar oldin ham bo‘lgan, bundan keyin yanada avj olishi ehtimoldan xoli emas.

Muallif murojaatidagi “Nega shunday muqaddas yurt taqdirini bir hovuch laganbardor, korrupsioner va хalq oldida bir pullik obro‘si yo‘q baʼzi hokim va vazirlarga topshirib qo‘ydik”, kabi jumlalar nafaqat o‘zbekona odob-axloq madaniyati, balki mavjud meʼyoriy qonunlarga ham zid keladi-ki, bu iddaoni muallif yo aniq faktlar asosida isbotlab berishi yoxud qonun oldida javob berishiga to‘g‘ri keladi.

Nazarimizda, uning bu kabi murojaatnoma bilan chiqishidan oldin, mamlakatimizdagi mavjud qonunlar bilan yaxshilab tanishib chiqishini, asossiz tuhmat, jamoatchilik oldida beobro‘ qilish uchun javobgarlik belgilanganini unutmaslik kerakligini, eslatib qoʼyish joiz deb bilamiz.

Eʼtiborli jihati, biror muammoni ko‘tarib chiqish, kamchilikni ko‘rsatish oson, lekin negadir professor o‘z chiqishlarida muammoni ko‘targan-u, unga yechimni taklif qilmagan. Ilm-fan sohasining vakili o‘laroq, fan rivoji uchun o‘zi biror yangilik qilganmi?, degan savol tabiiyki barchada uyg‘onadi?!

 

 

O‘zbekiston Respublikasi

Fanlar akademiyasi Аxborot xizmati.


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!