Yagona aloqa raqami
  (+998) 71 2000036
;    
Ishonch telefoni
  (+998) 71 2335623

Oburdon ustuni


X asr tegishli qadimiy o'ymakorlik yog'och ustun – Oburdon ustunini 1915-yilda Zarafshon daryosi yuqori oqimidagi Oburdon tog' qishlog'idan olim-elatshunos akademik M.S.Andreyev topgan. Ustunboshi ingichka islomiy naqsh bilan bezatilgan, eng uchida odam chehralari aks ettirilgan. Ustun belbog'-belbog' qilib ishlangan gullar bilan bezatilgan. Birinchi belbog' yaproqlar ko'rinishida bo'lib, ichidan qushlarning nozik boshchalari ishlangan, ikkinchi va uchinchi belbog' bodomnusxa botiq va bo'rtiq plastinkalardan iborat, to'rtinchisi — patsimon, beshinchisi — bodomnusxa, oltinchisi — handasaviy va islomiy naqshlarni o'z ichiga olgan. Burama chiziqlar va bezak namunalari g'oyat aniq chekilgan, o'tkir o'yiqlar orasidagi farqlar g'oyat keskin ajralib turadi. Gullarning chekilish usuli va namunalari IX asrga oid Qohira yog'och pannosini eslatadi.

Biroq Oburdon ustuni tasviri ancha naqshga boy, ijrosi ham ilhom va ishtiyoq bilan amalga oshirilgani ko'zga yaqqol tashlanadi. Ustunni katta usta yasagani shubhasiz. Gullarning zichligi va to'kisligi, yog'och sirtining rang-barangligi uning tabiiy go'zalligiga putur yetkazmagan, aksincha rang va tabiiylikni yanada bo'rttirgan.

Hozirda ushbu ustun O'zR FA O'zbekiston tarixi davlat muzeyida saqlanadi.


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!