Yagona aloqa raqami
  (+998) 71 2000036
;    
Ishonch telefoni
  (+998) 71 2335623

Ion-plazma va lazer texnologiyalari institutiga press-tur tashkil etildi


Bugun, 22-aprel kuni Fanlar akademiyasi Ion-plazma va lazer texnologiyalari institutiga ommaviy axborot vositalari vakillari uchun press-tur tashkil etildi.

 

OʼzR FА Ion-plazma va lazer texnologiyalari instituti yirik ilmiy muassasalardan biri hisoblanadi. Mazkur muassasada fizikaviy elektronika, fotonika, issiqlik fizikasi, lazer fizikasi, yangi materiallar sintezi va nanotexnologiyalar yoʼnalishlarida ilmiy tadqiqotlar olib boriladi.

Dastlab press-tur ishtirokchilari uchun matbuot anjumani oʼtkazildi va unda Institut faoliyati haqida umumiy maʼlumot berildi.

Shundan soʼng jurnalistlar Superkompyuterlar klasteri – FISTUz (Fast Intelligent Simulation Toll of Uzbekistan), Аmaliy nanotexnologiyalari laboratoriyasi, Ilmiy asbob uskunalardan jamoaviy foydalanish markazi, Kondentsiyalangan muhit optikasi laboratoriyasi hamda Nanotarkibiy materiallarda optik va elektron jarayonlar laboratoriyasi faoliyati bilan yaqindan tanishdilar.

 

Muassasadagi FISTUz da superkompьyuterlar klasteri yordamida kam ishchi kuchi sarflagan holda qisqa muddat ichida fizik va kimyoviy jarayonlarni atomar darajada modellashtirish imkoniyati mavjud. 32 ta Worker 1 ta Builder va 2 ta Master kompyuterlaridan tashkil topgan.

Institutda tashkil etilgan “Аmaliy nanotexnologiyalar (АNT)” ilmiy laboratoriyasi “Yuqori samaradorlikka ega proton almashinuvchi membranalarini sintezlash”, “Nanokatalizatorlar: shakllanishi, strukturasi, oʼlchov effektlari va ularning uglerod nanomateriallari sintezi jarayonlariga taʼsiri” mavzularida fundamental tadqiqotlar olib borilmoqda. Shuningdek, “Plazmadan foydalanib ammoniy perrenatidan reniy metallini olish texnologiyasini yaratish” va “Qattiq qotishmali kesuvchi instrumentlar tayyorlash uchun volfram karbidi nanokukunlarini olish texnologiyasini yaratish” boʼyicha amaliy tadqiqotlar bajarilmoqda.

Shuni ham alohida taʼkidlash lozimki, mazkur laboratoriyada Moddalarni oʼstirish klasteri tashkil etilgan. Ushbu klaster 2 ta modul va transport robot tizimidan iborat boʼlib, PEALD, PECVD usulida oʼta katta aniqlikda murakkab strukturalarni hosil qilish va oʼta yupqa qoplamalar oʼstirish uchun ishlatiladi. Klasterda oʼsish jarayonini bevosita kuzatib borish uchun interferometr va ellipsometr oʼrnatilgan. Ular yordamida sirt reaktsiyalarining oraliq mahsulotlari va reaktsiyaning amalga oshish yoʼnalishlarini katta aniqlikda kuzatsa boʼladi.

Shuningdek, Institutida Ilmiy asbob uskunalardan jamoaviy foydalanish markazi ham tashkil etilgan. Ushbu Markaz eng zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlangan boʼlib, mazkur markaz faoliyatidan respublikada ilm bilan shugʼullanayotgan barcha foydalanish mumkin.

Maʼlumot oʼrnida, Institut tarkibida 9 ta ilmiy laboratoriya va 1 ta markaz mavjud. Muassasada jami 212 nafar, shundan 105 nafari ilmiy xodimlar 1 nafar akademik, 22 nafar fan doktorlari, 35 nafar fan nomzodlari faoliyat yuritadi, 18 nafar doktorantlar va 5 nafar stajer-tadqiqotchilar oʼz ilmiy ishlarini olib bormoqdalar.

http://academy.uz/uz/photo-gallery/ion-plazma-va-lazer-texnologiyalari-institutiga-press-tur-fotolavha 


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!