Yagona aloqa raqami
  (+998) 71 2000036
;    
Ishonch telefoni
  (+998) 71 2335623

Ilmiy vа mаdаniy hаmkorlik yoʼlidа


Mamlakatimizda soʼnggi yillarda ilm-fanni rivojlantirishga, xalqaro hamjamiyat bilan bu borada hamkorlik aloqalarini mustahkamlash, yutuq va kamchiliklar haqida oʼzaro muloqot maydonini yaratishga katta eʼtibor qaratilmoqda. Bu borada Prezidentimizning bir qator farmon, qarorlari ham eʼlon qilingani bu yoʼnalishdagi huquqiy asosni ham yanada mustahkamladi.

OʼzR FА Oʼzbek tili, adabiyoti va folklori institutida Turkiya Respublikasining Oʼzbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Olgan Bekar va institut olimlari bilan ikki tomonlama ilmiy, madaniy hamkorlik masalalari boʼyicha uchrashuv boʼlib oʼtdi.

Uchrashuvda Institut direktori N.Mahmudov Institutning ilmiy faoliyati, amalga oshirilayotgan tadqiqotlar, nashr etilayotgan ilmiy risolalar, olimlar tomonidan amalga oshirilayotgan ilmiy loyihalar xususida maʼlumot berib oʼtdi. Shuningdek, soʼnggi yillarda mamlakatimizda jamiyatda oʼzbek tilining nufuzini oshirish, obroʼ-eʼtiborini mustahkamlash borasida qabul qilingan bir qator qonun hujjatlari va ularning ijrosi borasida Institut tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar haqida alohida taʼkidlab oʼtdi.

Аyniqsa, madaniyati oʼzaro mushtarak boʼlgan xalqlarni doimi bir-birining xalq ijodiyoti qiziqtirib kelgan. Shu sabab suhbat davomida professor M.Joʼrayevning Institut folklor boʼlimida amalga oshirilayotgan ishlar, xususun, “Oʼzbek xalq ozaki ijodi yodgorliklari”ning 100 jildligi tayyorlanayotganligi haqida maʼlumotlari barchani birdek sevintirdi.

Shuningdek, suhbat davomida filologiya fanlari nomzodi E.Ochilov "Oʼzbek adabiyoti durdonalari" 100 jildligi nashrga tayyorlanayotgani, filologiya fanlari doktori Yo.Odilov esa sotsiolingvistika sohasida amalga oshirilayotgan tadqiqotlar, mazkur sohaning istiqboliy yoʼnalishlari borasida yosh tadqiqotchilarning izlanishlari haqida gapirib oʼtdi.

Institutda ilmiy xodimlari, ayniqsa, yosh olimlar orasida xalqaro miqyosda oʼtkazilib kelinayotgan turli xil ilmiy konferensiyalarda ishtirok etayotgan, amaliyot uchun chet elga borayotgan va xalqaro mukofotlarni qoʼlga kiritayotganlar safi kengayib bormoqda. Shunday olimlardan biri Gʼ.Ismoilov ham Turkiya tomonidan tashkil etilgan qurultoyda ishtirok etgani va bu ilmiy safari davomida Аnqara universiteti tilshunos olimlari bilan hamkorlik qilish boʼyicha qilgan suhbatdan katta taassurotlar bilan qaytgani haqida soʼzladi Shuningdek, olim kelajakda Turkiya olimlari bilan hamkorlikda amalga oshiriladigan loyihalar boʼyicha oʼz takliflarini berdi.

Institut tomonidan ayniqsa, Turkiya davlati bilan adabiy aloqalar yaxshi yoʼlga qoʼyilgani taʼkidlandi. Institutning direktor oʼrinbosari M.Otajaonova Turkiya davlati bilan adabiy aloqalar borasida amalga oshirilayotgan ishlar hakida maʼlumot berar ekan, bunda olimlar, ayniqsa doktorantlarning akademik almashinuvini yoʼlga qo’yish muhim ekanligini taʼkidladi.

Turkiya davlatining elchisi bildirilgan taklif va mulohazalar borasida oʼz fikrlarini bildirar ekan, Turkiya-Oʼzbekiston olimlari orasida ilmiy aloqalar juda yaxshi yoʼlga qoʼyilgani, bu ilmiy soha uchun muhimligi, shuningdek, ilmiy tashkilotlar o’rtasida memorandum (shartnoma)lar asosida hamkorlik istiqbollarini aniq belgilab olish va izchil amalga oshirish lozimligini taʼkidladi.

Samimiy kechgan ikki tomonlama suhbat oxirida Turkiya elchisi tomonidan Institut kutubxonasida 10 jildli "Büyük Türkçe Sözlük" lugʼatini taqdim etildi.

Institut tomonidan ham til, adabiyot va folklor yoʼnalishida chop etilgan ilmiy risolalar, kitoblar elchi janoblariga sovgʼa qilindi.


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!