Yagona aloqa raqami
  (+998) 71 2000036
;    
Ishonch telefoni
  (+998) 71 2335623

Ikkinchi jahon urushi sahifalaridan: front ortidagi o’zbekistonlik ayollar


Tarixning eng mudhish sahifalaridan biri boʼlgan Ikkinchi jahon urushi yillari oʼzining ayanchli voqeliklari va oqibatlari bilan insoniyat jamiyati xotirasidan hech qachon oʼchmaydigan davrlardan biri ekanligi shubhasizdir. Bu urushning millionlab begunoh insonlar, yoshu-qarining bevaqt oʼlimiga, cheksiz vayronagarchiliklar va uqubatlarga sabab boʼlganligi koʼplar asarlarda qayd etiladi, xotiralarda yodga olinadi. Shunga qaramay, vaqt oʼtgani sari uning ogʼriqlaridan xalos boʼlish qiyinlashib boraveradi.

Urush Oʼzbekiston xalqlari uchun ham chuqur sinov boʼlibgina qolmay, bu davrda xalqimizning faqatgina oʼziga xos jihatlari - birovning dardiga sheriklik, kulfatda qolgan insonlarga begʼaraz yordam qoʼlini choʼzish, mehr-muruvvat, bagʼrikenglik, qoʼyingki, islom dini mohiyatida aks etgan koʼplab ezgu amallar egasi ekanligi ham yaqqol namoyon boʼlgan edi. Аlbatta, buni sobiq sovet davlatining barcha hududlarida bugungi kunda ham tan olishadi va eslashadi. Shu oʼrinda 1996-yilning aprel oyida Moskvada boʼlib oʼtgan “II jahon urushi saboqlari va fashizm ustidan qozonilgan gʼalabaning ahamiyati” mavzusidagi xalqaro anjumanda Oʼzbekiston vakillaridan biri sifatida qatnashgan I. Iskandarovning xotiralarini eslash oʼrinlidir. Uning qayd etishicha, oʼsha davrda Rossiya Federatsiyasi hukumat rahbarlaridan biri oʼz maʼruzasida Oʼzbekistonning urushda qozonilgan gʼalabasi haqida toʼxtalib: “Fashizmga qarshi otilgan har oʼnta snaryaddan bittasi Oʼzbekistonda ishlab chiqarilgan”, – degan fikrni taʼkidlagan. Аlbatta, bu xalqimizning mashaqqatli mehnatiga berilgan munosib bahodir.

Darhaqiqat, Oʼzbekiston oʼz davrida “front ortidagi front” sifatida namoyon boʼldi. Eng avvalo, minglab oʼzbek va oʼzbekistonlik oʼgʼlonlar jang maydonlarida qahramonona kurash olib bordilar. Urush boʼlayotgan hududlardan yuzlab sanoat korxonalari, ijtimoiy-madaniy muassasalar hamda millionlarcha insonlar Oʼzbekistonga koʼchirib keltirildi. Respublikaning oʼzida oʼnlab yangi korxonalar barpo etildi, ularning barchasi va respublikada mavjud korxonalar urush ehtiyojlariga yoʼnaltirildi.

Xuddi shunday bir vaziyatda oʼzbekistonlik ayollar butun ogʼirlikni oʼz zimmalariga olishdi. Qishloq xoʼjaligi, sanoat va iqtisodiyotning boshqa barcha sohalarda xotin-qizlar mehnati yetakchi oʼringa chiqdi. Bu davrda koʼplab nafaqadagi ayollar ham oʼz ishlariga qaytib kelib, mehnat qilganlar.

Tabiiyki, urush tufayli sanoat korxonalarida ishlaydigan erkaklarning katta qismi frontga jalb etildi. Bu esa, oʼz navbatida, sanoat korxonalari ishchi-xizmatchilari safida ayollar sonining oshib borishiga sabab boʼldi. Statistik maʼlumotlarga eʼtibor beradigan boʼlsak, 1942-yilning oxiriga borib, sanoat ishchilarining 63,5 foizi, qishloq xoʼjaligi vakillarining 65 foizini xotin-qizlar tashkil etgan edi. Vaholanki, 1940-yilda respublika boʼyicha sanoat sohasida band ayollar jami ishchilarning 43%ini tashkil etgan edi.

Urush arafasida Samarqand viloyatida 195 ta sanoat korxonasi hamda uch mingdan ortiq mayda korxonalar faoliyat yuritgan. Ularning aksariyati ishlab chiqarishni qiyinchiliklar bilan boʼlsa-da, front ehtiyojlari uchun yoʼnaltirganlar. Urush yillarida mamlakatning turli hududlaridagi oʼnlab korxonalar Samarqandga koʼchirib keltirilib, oʼz faoliyatini yoʼlga qoʼydi. 1941-yilning oxiriga kelib shahar sanoat korxonalarida 2,5 ming ayollar ishlay boshlaganlar.

Shuningdek, Buxoroda ham urush yillarida ayollar faol mehnat qilganlar. Iqtisodiyotning barcha jabhalarida mehnat qilish ayollarning zimmasiga tushgan. Urush yillarida 200 dan ortiq buxorolik xotin-qizlar sanoat korxonalari va artellarga boshchilik qilganlar. Buxorolik 50 yoshli Bahrixon Аshurxoʼjaeva evakuatsiya qilingan turli millatlarga mansub 8 ta bolani oʼz tarbiyasiga olgan.

Manbalarning dalolat berishicha, urushning ilk davrlaridayoq respublikaning koʼplab hududlarida ayollar tashabbusni oʼz qoʼllariga olib, turli tadbirlar uyushtirganlar va barchani bir safda turib mehnat qilishga daʼvat qilganlar. Masalan, 1942-yilda Urganch shahrida uyushtirilgan xotin-qizlar mitingida koʼplab uy bekalari ishtirok etganlar va barcha ayollarni frontga ketgan erkaklar oʼrnini bosish uchun sanoat korxonalarida ishlashga daʼvat qilganlar. Natijada 1943-yilga kelib Urganch korxonalarida 1300 nafar xotin-qizlar mehnat qilganlar.

Urush yillarida Oʼzbekistonda koʼplab qurilishlar amalga oshirilgan boʼlib, xotin-qizlar qurilish ishlarida ham faol qatnashganlar. Jumladan, Salor va Farhod GESlari, respublikaning turli hududlarida urush davrida bunyod etilgan 200 ta korxona qurilishida erkaklar bilan tengma-teng mehnat qilganlar. Shuni alohida qayd etish lozimki, ushbu qurilish ishlari oʼta ogʼir sharoitlarda, tabiat qiyinchiliklari va moddiy yetishmovchiliklar vaziyatida olib borilganligi manbalardan maʼlum. Tarixchi olim R. Nurulinning bergan maʼlumotlariga koʼra, urush yillarida respublikamizda faoliyat olib borgan frontga harbiy aslahalar yetkazib bergan korxonalarning aksariyat ishchi-xizmatchilari ham xotin-qizlar va 14-16 yoshli bolalardan tashkil topgan. Ushbu muassasalarda ish qatʼiy tartiblarda, qatttiq rejim asosida olib borilgan. 12 soatlik ish kuni, ochlik, sovuq, kiyim-kechaklar va oyoq kiyimlarining yetishmasligi tufayli ularning mehnati yanada ogʼir kechgan.

Bundan tashqari, Oʼzbekiston urush yillarida frontni qishloq xoʼjalik mahsulotlari bilan taʼminlashda yetakchi oʼrinlardan birida turgan. Qishloq xoʼjaligida ayollarning ogʼir mehnati koʼplab asarlarda oʼz aksini topgan. Jumladan, sevimli adibimiz O`.Hoshimovning “Ikki eshik orasi” romani nafaqat urushning xalqimizga yetkazgan moddiy va maʼnaviy zarari badiiy talqinda yoritilganligi, balki xotin-qizlarning daladagi jasoratlari koʼrsatib berilganligi bilan bu davr tarixidan voqif boʼlishimizda katta ahamiyat kasb etadi.

Oʼzbekistonlik ayollarning urush yillaridagi eng katta xizmatlari Oʼzbekistonga evakuatsiya qilib keltirilgan oilalarga gʼamxoʼrlik qilish, ayniqsa bolalarni bagʼriga olishda namoyon boʼldi. M.Ubaydullayevning keltirgan maʼlumotlariga koʼra, Shahrisabzdagi “Hujum” arteli ishchisi M. Tursunova ayollarga murojaat qilib: “Oʼzimning ikki farzandim boʼlganligi holda koʼchirib keltirilgan bolalardan tarbiyalashga olaman va sizlarni ham shunga chaqiraman”, – deydi. Uning daʼvati javobsiz qolmay, koʼpgina ayollar bu tashabbusga qoʼshiladilar va uy-joysiz, ota-onasiz qolgan bolalarni oʼz qaramogʼiga oladilar. Shu bilan birga, Qashqadaryoda bolalar uylari soni 22 taga yetganiga qaramay, viloyatning turli hududlarida jamoatchilik yoʼllari bilan bolalar uylari tashkil etiladi.

Urush yillarida frontda va front orqasida oʼzining sanʼati bilan jangchilar va mehnatkash xalqqa maʼnaviy dalda bergan oʼzbek sanʼatkorlari – Tamaraxonim, Halima Nosirova, Gavhar Rahimova, Roza Karimova va boshqalarning, Zulfiyaxonim, Oydin Sobirova kabi shoira-adibalarining urushdagi gʼalabaga qoʼshgan hissasi esa alohida eʼtibor va tahsinga loyiq.

Umuman, ikkinchi jahon urushi yillari barcha xalqlar vakillari qatori, oʼzbek xalqining matonati sinovi boʼldi. Bu sinovdan oʼzbekistonlik xotin-qizlar ham sharaf bilan oʼtdilar va tarixning barcha davrlarida boʼlgani kabi, dardu kulfatlarning balogardoni sifatida oʼzlarini namoyon etdilar. Ularning vatan uchun qilgan xizmatlari yoshlarga hamisha, yana uzoq asrlar mobaynida oʼrnak va namuna boʼlishiga shubha qilmaymiz.

 

Аnora Togʼaeva FА Tarix instituti ilmiy xodimi, t.f.n.


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!