Yagona aloqa raqami
  (+998) 71 2000036
;    
Ishonch telefoni
  (+998) 71 2335623

Hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi


O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Navoiy bo‘limiga Rossiyaning "Uransvetmet” Boshqaruv kon-ma'dan kompaniyasi aksiyadorlik jamiyati bosh direktori Vladimir Degtyarenko boshchiligida delegatsiya hamda Rossiyaning “Rosgeologiya” AJ geologik xoldingning xalqaro loyihalar bo‘yicha bosh menejeri Aleksey Desyatkin tashrif buyurishdi.

Tadbir davomida FA Navoiy bo‘limi raisi Abdurazak Mirzayev va xalqaro aloqalar va tijoratlashtirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Quvondiq Nurboyev mehmonlar bilan geologik qidiruv va boshqa sohalarda hamkorlikning istiqbollarini muhokama qildilar.

Mehmonlar FA Navoiy bo‘limi olimlari tomonidan tayyorlangan loyihalar bilan tanishdilar. Shu jumladan, infratuzilmadan uzoqda joylashgan ma'dan va noma'dan foydali qazilmalar zaxiralarini tezkor geologik qidiruv ishlarini olib borish maqsadida mobil ilmiy-ishlab chiqarish geologik qidiruv otryadini yaratish g‘oyasini ma'qulladilar. Ushbu otryad, shuningdek, lalmikor yerlarda tomchilatib sug‘orish texnologiyasini qo‘llagan holda mevali bog‘lar yaratish uchun yer osti suvlari bilan ta'minlashda zarur bo‘ladigan yer osti quduqlarini qazishda va yer osti suvlar zahiralarini aniqlash va ularning tarkibini kimyoviy tahlil qilish imkonini beradi.

“Uransvetmet” BKMK AJ 20 yilga yaqin vaqt davomida geologik tadqiqotlar bozorida faoliyat olib boradi va dunyoning 18 davlatida burg‘ulash, geologiya va qidiruv ishlarida malakali xizmat ko‘rsatadi. Bugungi kungacha aksiyadorlik jamiyati tomonidan 150dan ortiq loyihalar amalga oshirilgan va uzunligi 5 million metrdan ortiq geologik quduqlari burg‘ulangan. Uning balansida geologik qidiruv ishlari hamda ilmiy izlanishlarni bajarish uchun zamonaviy burg‘ulash uskunalari mavjud.

Uchrashuv davomida tomonlar O‘zbekiston hududida, xususan, Qizilqum va Nurota ma'dan maydonlarida yuqorida ko‘rsatilgan faoliyat bilan shug‘ullanadigan O‘zbekiston-Rossiya qo‘shma korxonasini yaratish imkoniyatlarini muhokama qildilar.


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!