Yagona aloqa raqami
  (+998) 71 2000036
;    
Ishonch telefoni
  (+998) 71 2335623

G'o'za sistematikasi va filogeniyasi sohasidagi yetuk olima Safiya Rizayeva vafot etdi


Respublikamizning g'o'za sistematikasi va filogeniyasi sohasidagi yetuk olima Safiya Mamedovna Rizayeva 1944-yil Samarqand shahrida tug'ilgan, 1966-yilda A.Navoiy nomli Samarqand Davlat universitetini tamomlagan.

S.M.Rizayeva O'zR FA Genetika va o'simliklar eksperimental biologiyasi institutining 1966-yildan ilmiy xodim, 1985-yildan katta ilmiy xodim, 1997-yildan esa yetakchi ilmiy xodim,  2015-yildan G'o'za sistematikasi va introduktsiyasi laboratoriyasining rahbari lavozimida ishlab kelmoqda edi.

1976-yilda G'o'za sistematikasi va introduktsiyasi laboratoriyasining sirtqi ta'lim bo'yicha aspiranturaga kirdi. 1983-yilda “genetika” mutaxasisligi bo'yicha “AD1, AD2 genomli g'o'za turlarini boyitish uchun Integrifolia Tod. sektsiyasi genomlararo duragaylaridan foydalanish” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini yoqlagan.

1996-yilda “genetika” mutaxasisligi bo'yicha “Bir biridan genetik jihatdan uzoq bo'lgan g'o'zani o'zaro duragaylash va yangi donorlar olish (yangi dunyo g'o'zalari asosida)” mavzusida doktorlik dissertatsiyasini yoqlagan.

S.M.Rizayevaning asosiy ilmiy faoliyati dunyo g'o'zasining turli xil namunalarini tadqiqot etish, ularning sistematik o'rnini, filogenetik qarindoshlik darajasini, Gossypium L. turkumining turli tur va shakllarining evolyutsion surilish bosqichlarini aniqlash, olingan nazariy va amaliy ma'lumotlarni selektsiyaga tatbiq etish, yovvoyi g'o'za germoplazma fondidan irsiy xususiyatlarni madaniy polipliodlarga o'tkazish va nasliy jihatdan yangi shakllar yaratish, bir-biriga uzoq turlarni duragaylash uslubi istiqbolli ekanligini isbot etishdan iborat bo'lgan.

Qayd etilgan uslublar majmuidan foydalanish g'o'zaning yovvoyi turlari va madaniylashtirilgan formalarini biologik xususiyatlarini yetarli darajada chuqur tahlil qilish imkoniyatini bergan. Poliploid turlarning kelib chiqishi to'g'risidagi yangi gipoteza taklif etilgan. Birinchi marotaba S.M.Rizayeva tomonidan istiqbolli poliploidlar, qimmatli genlar majmuidan iborat murakkab polegenom duragaylar olish sxemasi ishlab chiqilgan.

Rekombinatsiya jarayonini va umuman seleksiya jarayonini tezlashtiruvchi yangi genotipli qimmatli belgilar majmuini ta'minlovchi turli xil duragaylarni olish uslublari ishlab chiqilgan va takomillashtirilgan. Tabiiy erta barg to'kuvchi va boshqa foydali xo'jalik belgilari bilan ajralib turuvchi bir qator nodir uch genomli duragay tizimlari olingan.

Shu bilan bir qatorda, professor F.M.Mauyer va akademik A.A.Abdullayev tomonidan tashkil etilgan Respublikamizning milliy boyligi sanalgan g'o'za genofondining nav namunalarini o'rganish, saqlash va yangilash bo'yicha ko'p ishlarni amalga oshiradi. G'o'za genofondi, o'z navbatida g'o'za ilmining rivojlanish asosi bo'lib, fiziologiya, biokimyo, molekulyar biologiya, biotexnologiya, genetika, seleksiya, agrobiologiya va boshqa ilmiy yo'nalishlarga fundamental asos bo'lib xizmat qiladi.

S.M.Rizayeva 6 ta monografiya, 250 ga yaqin ilmiy maqolalar muuallifi sifatida nafaqat bizning mamlakatimizda balki chet el olimlari orasida ham mashhurdir. Shu jumladan 200 dan ortiq ilmiy maqolalari respublikamizning mustaqillik yillariga to'g'ri keladi.

Shu yillar davomida Rizayeva S.M. rahbarligida 6 ta nomzodlik, bir qator doktorlik dissertatsiyalari yoqlangan.

S.M. Rizayevaning bevosita ishtirokida va rahbarligida Amerika, Afro-Osiyo, Hindi-Xitoy, Avstraliya g'o'za turlarini har tomonlama o'rganish uchun turli morfologik, sitologik, embriologik, kariologik hamda eksperimental poliploidiya uslublari yordamida tadqiqotlar o'tkazilgan.

S.M. Rizayeva ko'p yillik samarali va halol mehnati samarasi natijasida O'zbekiston Respublikasining fan va texnika sohasidagi Birinchi Darajali Davlat mukofoti laureati bo’lgan.

S.M.Rizayeva fidoiy va mehnatsevarlik fazilatlarini o'zida mujassamlashtirgan, vatanimiz shon-shuhrati va sharafini yuksaltirishga hamda uning xalqaro nufuzini oshirishga xizmat qilayotgan, ilmiy va jamoat ishlarining faol ishtirokchisi, yuksak tashkilotchilik qobiliyatiga ega, yetuk olima edi.

U o'z sohasi bo'yicha yetuk, malakali mutaxassis ekanligi va uning ilmga bo'lgan ishtiyoqi juda baland, hamkasblariga nisbatan xamisha hurmatda, laboratoriya xodimlari orasida o'zining jonkuyarligi, tinib-tinchimasligi, jamoat ishlarida faolligi, intizomli xodim sifatida o'z zimmasiga yuklatilgan har qanday vazifaga ma'suliyat bilan qarashi ajralib turardi. Halol va pokiza inson bo'lgani uchun ham jamoa orasida katta obro'-e'tibor qozongan edi.

O'zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi hamda Genetika va o'simliklar eksperimental biologiyasi instituti jamoasi, hamkasblari, ko'p sonli shogirdlari, do'stlari nomidan marhumaning oila a'zolariga, yaqinlariga chuqur hamdardlik bildiramiz.


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!