Yagona aloqa raqami
  (+998) 71 2000036
;    
Ishonch telefoni
  (+998) 71 2335623

Gepatit C ni davolash uchun import o'rnini bosuvchi va eksportga yo'naltirilgan dori ishlab chiqarish yo'lga qo'yilmoqda


O‘zbekiston va Xitoy Fanlar akademiyalari qariyb 20 yil davomida ilmiy hamkorlik ishlarini olib bormoqda. So‘nggi 5 yil davomida bu hamkorlik o‘zining amaliy natijalarini ko‘rsata boshladi.

Butun dunyoda tarqalgan Gepatit C virusi bilan zararlanishni aniqlash borasida hamkorlikda qator ishlar amalga oshirilgan. O‘zbekistonda ham bu kasallikni aniqlash va davolash yuzasidan qator ishlar olib borilib amaliy natijalarga erishildi. O‘zR FA O‘simlik moddalari kimyosi institutida qondagi Gepatit C virusi antitanalarini aniqlash diagnostikumi yaratildi. Mamlakatimizning yetakchi tibbiyot ilmiy dargohlarida sinovdan o‘tgach ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi.

Biroq hali hanuz Gepatit C virusi bilan zararlangan bemorlarni davolashda qo‘llaniladigan Sofosbuvir dori vositasi (Gilead kompaniyasining litsenzion shartnomasi bilan ishlab chiqariladigan Gepatit C virusini davolovchi generik preparat) chetdan import qilinmoqda.

Shu sababli O‘zR FA O‘simlik moddalari kimyosi instituti, XXR FA Shinjon fizika va kimyo texnika instituti hamda Shanxay tibbiy materiallar instituti olimlari hamkorligida Sofosbuvir dori vositasini ishlab chiqarish usullari yaratildi. Tajriba sharoitlarda ishlab chiqarish amalga oshirilib olingan mahsulot klinik oldi sinovlari natijalari bo‘yicha original dori vositasi – Sofosbuvirga mos kelishi ko‘rsatdi.

Yaratilgan usul asosida texnologik jarayonlar sxemasi ishlab chiqilib eksperimental texnologik liniyasi yaratildi va ilk bor O‘zbekiston hududida Sofosbuvir dori vositasining substantsiyasi ishlab chiqarildi.

Tegishli barcha xujjatlar Sog‘liqni saqlash vazirligi qoshidagi Farmatsevtikani rivojlantirish agentligiga topshirilib ijobiy xulosa olindi va bugungi kunda klinik sinovlarni amalga oshirish bo‘yicha tayyorgarliklar ko‘rilmoqda.


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!