Yagona aloqa raqami
  (+998) 71 2000036
;    
Ishonch telefoni
  (+998) 71 2335623

Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik institutiga Oʼmon Mudofaa vazirligi Qoʼmondonlik-shtab fakulteti talabalari tashrif buyurdi


Bugun, 13-aprel kuni Oʼzbekiston Fanlar akademiyasi Аbu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutida Oʼmon Mudofaa vazirligi Qoʼmondonlik-shtab fakulteti talabalari tashrif buyurdi. Tashrif doirasida mehmonlar Institut faoliyati bilan yaqindan tanishdilar hamda “Oʼzbekiston tarixi va uning Oʼrta Osiyo mintaqasidagi qoʼlyozmalarni asrashdagi oʼrni” mavzusida seminar tashkil etildi.

 

Maʼruzani OʼzR FА Sharqshunoslik instituti direktori t.f.d., professor Bahrom Аbduhalimov oʼqidi. Maʼruza arab tilida boʼldi. Olim maʼruzasida Oʼzbekiston tarixining mintaqadagi oʼrni haqida qimmatli maʼlumotlar berdi. Jumladan, arablar orqali kirib kelgan Islom dinining mamlakat va mintaqa tarixidagi oʼrni haqida ham gapirib, Oʼrta Osiyo yetishtirib bergan qomusiy olimlar, din ulamolarining dunyo sivilizatsiyasiga qoʼshgan hissasini taʼkidladi. Shuningdek, Oʼzbekiston tarixining xronologik rivojlanish bosqichlari, unda hukm surgan davlatlarning rivojlanish va taraqqiyot bosqichlari haqida xorijlik mehmonlarga qimmatli maʼlumotlarni ulashdi.

Bundan tashqari, maʼruzada Sharqshunoslik institutida saqlanayotgan qoʼlyozmalar fondi hamda Institutning Oʼmon davlati bilan olib borayotgan faol hamkorligi haqida ham toʼxtalib oʼtildi.

Maʼruza soʼnggida mehmonlar oʼzlarining qiziqtirgan savollariga javob oldi.

 

Maʼlumot oʼrnida, Sharqshunoslik institutining qoʼlyozmalar fondi 1943-yilda, oʼsha paytdagi xalq kutubxonasi (hozirgi Milliy kutubxona)ning Sharq boʼlimi asosida tashkil etilgan. Shundan boshlab bu fondda qoʼlyozma manbalarni oʼrganish ishlari boshlangan.

Fondda 26 ming jild qoʼlyozma, 40 ming jildga yaqin qadimgi toshbosma uslubidagi kitoblar saqlanadi. Bundan tashqari, 5 mingdan ziyod asl nusxadagi tarixiy hujjatlar bor. Shuningdek, mikrofilm va fotokopiyalar fondlarimiz ham bor. Bu video va fotolar xorijdagi fondlarda saqlanayotgan kitoblardan olingan.

Bu ulkan meros fanning turli sohalariga oid. Xususan, tabobat, kimyo, matematika, tarix, islom ilmlari — ajdodlarimiz shugʼullangan barcha fan sohalariga doir manbalar oʼrin olgan. Qoʼlyozma manbalar IX asrdan boshlab XX asrgacha boʼlgan davrga oid boʼlib, arab, fors, qadimgi turkiy va boshqa sharq tillarida yozilgan.


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!