Yagona aloqa raqami
  (+998) 71 2000036
;    
Ishonch telefoni
  (+998) 71 2335623

Farg‘ona vodiysidan gekkonlarning jahon faunasi uchun yangi turi topildi


Oʼzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Zoologiya instituti “Kamyob hayvonlar hisobi va kadastri” laboratoriyasi ilmiy xodimlari tomonidan “Kamyob va yoʼqolib ketish xavfi ostida boʼlgan hayvon turlarining kadastrini yuritishning ilmiy asoslarini yaratish (Fargʼona vodiysi misolida)” davlat dasturi, WWF (World Wide Fund for Nature) va CEPF (Critical Ecosystem Partnership Fund) fondlari tomonidan qoʼllab quvvatlangan “Fargʼona vodiysi hududida asosiy tabiiy komplekslarni saqlash” loyihalari amalga oshirilmoqda. Fargʼona vodiysida yashovchi kamyob va endemik sudralib yuruvchilarning terisidan olingan namunalar ustida olib borilgan genetik tadqiqot natijalariga koʼra dunyo faunasi uchun ilk marotaba Alsophylax sp. gekkoni aniqlandi.

Ajablanarlisi shundaki, Fargʼona vodiysida koʼplab zoologik tadqiqotlar oʼtkazilganiga qaramay, bu tur endigina kashf etildi. Bu, ehtimol ushbu turning maxsus biologiyasi va ekologiyasi bilan bogʼliq. Ushbu tur Alsophylax urugʼining boshqa turlari singari kichik oʼlchamga ega boʼlib, voyaga yetganlarining kattaligi boshi bilan oʼrtacha 3 - 3,5 santimetrni tashkil qiladi. Bu tur faqat tungi faol boʼlib, xavf tugʼilganda tuproqning yoriqlari va notekis joylariga yashirinadi. Shuningdek, bu tur akustik signallar yordamida muloqot qiladi.

Aytish joizki, bu tur hozirgacha faqat Oʼzbekiston hududida topilgan.

Fotosurat muallifi Timur Аbduraupov

Ayni paytda namunalar olingan barcha hayvonlarning DNK namunalari ajratilgan va DNK sekvensiyasi yakunlanishi kutilmoqda. Biroq, baʼzi namunalar, yaʼni biz tomonimizdan ushbu hududida ilk marotaba aniqlangan gekkon allaqachon toʼliq shifrlangan va hatto filogenetik daraxtga aylantirilgan, bu esa ushbu turning jahon fani uchun mutlaqo yangi tur ekanligini koʼrsatadi. Mazkur yangi turga genetik jihatdan eng yaqin turlar mos ravishda mamlakatning shimoli-gʼarbiy va janubi-gʼarbiy qismida yashovchi chiyildoq gekkoncha (Alsophylax pipiens) va silliq gekkoncha (Alsophylax laevis) hisoblanadi.


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!