Yagona aloqa raqami
  (+998) 71 2000036
;    
Ishonch telefoni
  (+998) 71 2335623

Amudaryo toʻqaylarining floristik va fitosenotik xilma-xilligi oʻrganildi


OʻzR FA Botanika instituti Geobotanika laboratoriyasi ilmiy xodimlari, Rossiya Fanlar akademiyasi professori A.Yu.Korolyuk, Buxoro davlat universiteti doktoranti (DSc) H.Q.Esanovlar professor X.F.Shomurodov rahbarligida Amudaryo toʻqaylari hududiga ekspeditsiya uyushtirishdi.

Ilmiy safar davomida dala tadqiqotlari belgilangan aniq marshrut boʻyicha Amudaryoning oʻrta va quyi oqimlarida, ya’ni Buxoro viloyatining Romitan, Xorazm viloyatining Tuproqqal’a, Qoraqalpogʻiston Respublikasining Amudaryo, Beruniy, Nukus tumanlarida, shuningdek, Qizilqum davlat qoʻriqxonasi va Quyi-Amudaryo davlat biosfera rezervati hududlarida olib borildi.

  

Dala tadqiqotlari davomida oʻrganilgan hududlardagi daryolarda toʻqay oʻsimliklari, ya’ni Populus, Elaeagnus, Salix, Tamarix, Glycyrrhiza va b. larning yosh holatlari tahlil qilindi. Bunda 150 dan ortiq geobotanik qaydnomalar toʻldirildi. Tadqiqot hududining floristik va fitosenotik xilma-xilligi oʻrganildi.

Gidroiqlim va xronologiya ma’lumotlarini olish uchun daryo atroflaridagi muhiti va rel’yefi bir xil boʻlgan model daraxtlar tanlab olindi. Yillik halqalar boʻyicha Xalqaro ma’lumotlar bazasi talablariga muvofiq, har bir tanlangan nuqtadan bitta daraxt va har bir daraxtdan ikkitadan yillik halqa namunalari maxsus jihozlar yordamida olindi.

 

Landsat va Sentinel fazoviy yoʻldoshlari orqali olingan 30 dan ortiq kosmik fotosuratlar kalitli poligonlar bilan solishtirilib, hududlarning konturlari belgilandi.

Amudaryo vohasi toʻqay fitosenozlari bioxilma-xilligi dinamikasining xarakterini baholash va  α- va β-bioxilma-xilligi indekslaridan foydalangan holda oʻsimliklar transformatsiyasining xavotirli indikatorlarini aniqlash uchun ma’lumotlar toʻplandi.

Ekspeditsiyada toʻplangan ma’lumotlar, xronologik tahlillar hamda dominant daraxtlar yillik halqasining oʻrganish asosida mintaqaviy gidroiqlim oʻzgarishi bilan bogʻliq holda keyingi 100-200 yillar davomida Oʻzbekiston toʻqay oʻrmonlarining oʻzgarish dinamikasi aniqlanadi. Muzliklarning erishi va daryo vodiysi toʻqay massivlari maydonining oʻzgarishi orasidagi korrelyatsion bogʻliqlik asoslab beriladi. Kelgusida toʻqay oʻsimliklari holatining oʻzgarishini aks ettiruvchi matematik model yaratiladi. Masofadan zondlash ma’lumotlarini tahlil qilish asosida fragmentlashgan ekosistemaning antropogen transformatsiyasi bosqichlari koʻrsatiladi. Fitosenoz tuzilishining oʻzgarish qonuniyatlarini har xil ekologik gradientlarda: bioiqlim, edafik, antropogen transformatsiya va model turlarning tarqalish imkoniyatlarini, ularning “iqlim konverti” modelini loyiha hududida aniqlash ushbu tadqiqotning muhim natijalaridan biridir. Edifikatorlarning potensial arealining iqlim ssenariylari boʻyicha modellashtirish toʻqay oʻsimliklar qoplamida kelgusida yuz berishi mumkin boʻlgan oʻzgarishlarni bashoratlash imkonini beradi. Kalitli maydonlardagi oʻsimliklar qoplamining topo-ordinatsion modelini yaratish va eko-fitosenotik xaritasini tuzish toʻqayzorlarni retrospektiv monitoringini oʻtkazishda qoʻllaniladi.

Amalga oshirilgan geobotanik qaydnomalar Oʻzbekiston oʻsimlik jamoalarining ma’lumotlar bazasiga kiritiladi va Oʻzbekiston florasining ekologik shkalasini ishlab chiqishda foydalaniladi.


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!