Yagona aloqa raqami
  (+998) 71 2000036
;    
Ishonch telefoni
  (+998) 71 2335623

4 jildlik “Аlisher Navoiy ensiklopediyasi”


Ulugʼ soʼz sanʼatkori Аlisher Navoiy tavalludining 581 yilligi munosabati bilan Oʼzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Oʼzbek tili, adabiyoti va folklori instituti navoiyshunos olimlari tomonidan tayyorlangan 4 jildlik “Аlisher Navoiy ensiklopediyasi”ning I jildi Gʼafur Gʼulom nomli nashriyot-matbaa uyida bosmadan chiqdi.

“Аlisher Navoiy ensiklopediyasi” Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning “Oʼzining bebaho asarlari bilan ona tilimizning qadrini va qaddini tiklagan buyuk mutafakkir ajdodimiz Аlisher Navoiy hayoti va ijodining mukammal ensiklopediyasini yaratish ham oldimizda turgan dolzarb vazifalardan biridir” soʼzlarini iqtibos keltirish bilan boshlangan. Kitob taniqli navoiyshunos, filologiya fanlari doktori, professor Ibrohim Haqqul soʼzboshi bilan boshlanadi.

Ensiklopediyani nashrga tayyorlashda Oʼzbek tili, adabiyoti va folklori instituti Oʼzbek mumtoz adabiyoti boʼlimining f.f.d., boʼlim boshligʼi M.Аsadov, f.f.d., prof., bosh ilmiy xodim I.Haqqul, f.f.n., katta ilmiy xodimlar Q.Ergashev, S.Rafiddinov, S.Oʼtanova, f.f.b.f.d., katta ilmiy xodim Z.Rahmonovalardan iborat olimlar jamoasi va respublikamiz hamda xorijdagi navoiyshunoslar ishtirok etishgan.

Ensiklopediyaning I jildi А – K harflariga tegishli qomusiy maqolalarni oʼz ichiga qamrab oladi. Kitob Аlisher Navoiy asarlarida keltirilgan “ААZZ” soʼzining izohiga bagʼishlangan maqola bilan boshlanib, “KOʼHI QOF” maqolasi bilan tugaydi. Maqolalar mazmuni, ahamiyatlilik darajasiga koʼra hajman turlicha. Ular orqali ulugʼ shoir shaxsiyati, u yashagan tarixiy, ijtimoiy davr va asarlarining gʼoyaviy-badiiy xususiyatlari haqida atroflicha maʼlumotlarga ega boʼlish mumkin.

Toʼrt jildlik “Аlisher Navoiy ensiklopediyasi”ni toʼla nashr etish 2021 – 2023-yillarga moʼljallangan boʼlib, uning I va II jildlari 2022-yil soʼnggigacha sotuvga chiqarilishi rejalashtirilgan.

 


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!