O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Milliy arxeologiya markazi va Samarqand arxeologiya instituti tomonidan respublikamiz hududida 2021-yilda olib borilgan arxeologik tadqiqotlar natijalariga bag‘ishlangan hisobot sessiyasi o‘tkazildi.
Sessiya yig‘ilishining dastlabki ma’ruzachisi akademik A.Asqarov Namangan viloyati Norin tumani Uchtepa yodgorligida olib borilgan konservatsiya va muzeylashitrish ishlari to‘g‘risida hisobot berdi.
Shuningdek, Surxondaryo viloyati Sho‘rchi tumani Dalvarzin yodgorligida, Toshkent viloyati hududida joylashgan Qarshaultepa yodgorligida, Samarqand viloyati Tayloq tumani Kofirqal’a yodgorligida, Buxoro viloyati G‘ijduvon va Peshku tumanlarida olib borilgan arxeologik dala qidiruv tadqiqotlari, Jizzax viloyati G‘allaorol tumani hududidagi Chayonli mozor-qo‘rg‘onlarida olib borilgan arxeologik qazishmalar va ularda aniqlangan topilmalar to‘g‘risidagi hisobotlar tinglandi.
Jumladan, Buxoro viloyati G‘ijduvon va Peshku tumanlarida olib borilgan arxeologik dala qidiruv tadqiqotlari natijasida ushbu hududda o‘rta paleolit va neolit davriga oid 160 dan ortiq yangi topilma joylar aniqlanganligi ma’lum bo‘ldi.
Bundan tashqari, Xorazm viloyati Shovot tumanidagi Katqal’a yodgorligida va Bog‘ot tumanidagi Qal’ajiq qal’a yodgorligida olib borilgan arxeologik qazishma ishlari hisoboti ham tinglandi. Katqal’a yodgorligida olib borilgan arxeologik qazishma ishlari natijasida yodgorlikning quyi qatlamlarida ilk bor arxaik davrga, mil. avv. V asrga oid topilmalar aniqlanganligi va bu o‘z navbatida Katqa’lani antik davrga emas, balki yanada qadimiylashtirishga asos bo‘lib xizmat qilishi ta’kidlandi.
Namangan viloyati Chust tumani Buvaonamozor yodgorligida va Pop tumani hududida joylashgan Chilhujra yodgorligida olib borilgan arxeologik qazishma ishlarida aniqlangan yangi topilmalar haqida ma’lumot berildi. Xususan, Chust tumani hududida joylashgan Buonamozor yodgorligida o‘tkazilgan tadqiqotlar natijasida yodgorlikning yuqori qatlamlari o‘rganilib, mil. avv. XI-VII asrlarga oid ko‘plab sopol komplekslari aniqlandi. Tadqiqotchilar fikriga ko‘ra, yodgorlikning yuqori qatlamlarida chust madaniyatiga oid qo‘lda yasalgan bezakli sopollar kam sonli ekanligi, mavjudlari ham asosan qayta ishlatish uchun foydalanilganligi aytib o’tildi. Shuningdek, ilgari “Chust madaniyati shimoliy, shimoli-g‘arbiy o‘lkalarga, Burganli madaniyatiga ham ta’sir etgan” degan fikrlar ilgari surilgan bo‘lsa, hozirda tadqiqotlar Burganlik madaniyatining Farg‘ona vodiysi shimoliy, shimoli-sharqiy hududlariga, Chust madaniyatiga o‘z ta’sirini ko‘rsatgan, degan yangi g‘oyalar ilgari surildi.
Shuningdek, hisobot sessiyasida Qoraqolpog‘iston Respublikasi Qo‘ng‘irot tumani Puljay yodgorligi artrofidagi hududlarda, Andijon viloyati Xonabod shahar tog‘ yon bag‘rida, Surxondaryo viloyati Sherobod tumani Kattabuloq yodgorligida, Toshkent viloyati hududida va Oqqo‘rg‘on tumani Qanqa yodgorligida o‘tkazilgan arxeologik qazishma ishlari, xususan, Sherobod tumani hududida olib borilgan tadqiqot ishlari natjasida bronza davriga oid 16 ta yangi yodgorliklar, Xonobod shahar tog‘ yon bag‘rida olib borilgan arxeologik tadqiqotlar natijasida Xonobod qabr-qo‘rg‘onlari aniqlanganligi hamda 2021-yil dala tadqiqoti mavsumida 2 ta qabr to‘liq ochilib, ushbu qabr-qo‘rg‘onlar Farg‘ona vodiysida joylashgan Eylaton hamda Sho‘rabashot madaniyatiga oid topilmalar aniqlanganligi to‘g‘risida yangi ma’lumotlar berildi.
Hisobot sessiyasining ikkinchi kunida Jizzax viloyati Qaliyatepa yodgorligida, Suxondaryo viloyati Boysun tumani Uzundara yodgorligida, Samarqand viloyati hududida va Afrosiyob yodgorligida, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xo‘jayli tumanidagi Mizdaxon yodgorligida, Toshkent viloyati Chotqol-Qurama tog‘ tizmalari hududida va Ertoshsoy tosh davri yodgorligida, Qashqadaryo viloyati G‘uzor tumanida hamda Samarqand viloyati Pastdarg‘om, Nurobod tumanlarida, Surxondaryo viloyati hududida, Buxoro viloyati Qorako‘l tumani hududida joylashgan Poykand yodgorligida, Jondor tumani Boshtepa yodgorligida, Buxoro shahridagi Buxoro shahristonida, Samarqand viloyati Qattaqo‘rg‘on va Qo‘shrabot tumanlari hududlarida, Samarqand viloyati Urgut va Toyloq tumanlari hududida, shuningdek, Sirdaryo viloyati hududidagi Ko‘hna Xovos yodgorligida, Andijon viloyati hududida, Samarqand viloyati Jomboy tumani Mingtepa yodgorligida, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlari hududlarida, Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumani So‘ngak mozor-qo‘rg‘onlarida, Samarqand tumani Navbog‘tepa yodgorligida olib borilgan arxeologik tadqiqotlar va ularda aniqlangan topilmalar to‘g‘risidagi hisobotlar tinglandi.
Xususan, Toshkent viloyati Ohangaron tumani Chotqol-Qurama tog‘ tizmasi (O‘zbekiston) hududlarida o‘tkazilgan arxeologik qidiruv-tekshiruv ishlari natijasida Qizildara hududida arxeologiya faniga ma’lum bo‘lmagan yangi 395 ta nuqtadan panellarga cho‘kichlangan 2000 ga yaqin qoyatosh rasmlari aniqlandi va ro‘yxatga olindi.
Toshkent viloyati Ohangaron tumani Ertoshsoy tosh davri yodgorligida olib borilgan arxeologik qazishma ishlari natijasida o‘rta paleolit davriga oid yangi manzilgohlar va ustaxonalar topildi.
Hisobot sessiya yakunida akademik A.A.Asqarov o‘z fikr mulohazalarini bildirib, olib borilgan tadqiqotlarning ilmiyligi, o‘tkazilgan qazishmalarning metodik jihatdan to‘g‘riligi va qazishmalar jarayonida yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar borasida tadqiqotchilarga va ishtirokchilarga ko‘rsatmalar berdi.
O‘zR FA Milliy arxeologiya markazi direktori F.A.Maqsudov hisobot sessiyasida ishtirok etgan barcha tadqiqotchilarga o‘z minnatdorchiligini bildirdi.