Yurtimiz osmonida bolid kuzatildi

Kecha yurtimiz osmonida yorugʼ osmon jismi - meteoritning yerga tushishi kuzatildi va u aks etgan tasvirlar ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqaldi.

Maʼlumki, har kuni Yer sirtiga 10 tonnadan ortiq aksariyati millimetr oʼlchamdagi kichik toshlar - meteorit parchalari tushadi va ular osmonda havo bilan ishqalanish tufayli yorugʼ iz qoldiradi. Аgar meteoritning oʼlchamlari bir santimetr va undan katta boʼlsa, undan juda yorugʼ va tutunli iz qoladi. Yerdagi kuzatuvchi tunning kunduzdek bir lahzaga yorishib ketishini kuzatadi. Bu esa Yer atmosferasiga kirib yonib ketgan meteor — bolid hisoblanadi.

 

6-aprel, Toshkent vaqti bilan soat 22:03 atrofida kuzatilgan hodisa aynan shunday bolid ekanligidan dalolat beradi.

Meteoritlar bizning Quyosh tizimimizga tegishli kometa va asteroidlarning qoldiq yoki boʼlaklari hisoblanadi. Quyosh tizimidagi millionlab orbitalarda kometa va asteroidlar mavjud hamda sayyoramiz orbitasi oʼsha orbitalar bilan kesishganda bu qoldiqlarning meteor, bolid va meteorit koʼrinishida sayyoramiz atmosferasiga kirib kelishini koʼrishimiz mumkin boʼladi. Umuman olganda, Yer atmosferasiga har kuni bir necha oʼnlab tonna shunday jismlar tushadi. Аgar bu jism oʼzidan yorqin, ingicha iz qoldirsa u meteor deb nomlanadi. Meteorlarning kattaligi odatda bir necha millimetrdan oshmaydi va atmosferada toʼliq bugʼlanib ketadi.

Аgar jism bir necha yoki oʼnlab santimetrlar kattalikdagi oʼlchamga ega boʼlsa atmosferada kuchli qizib portlaydi va juda yorqin chaqnashga sabab boʼladi, osmonda oʼzidan yorqin plazmali iz qoldiradi. Bunday jismlar bolid deb nomlanadi.

Аgar bolid yetarlicha katta boʼlsa va kimyoviy tarkibida metallar ulushi koʼp boʼlsa bolid parchalarinig ayrimlari Yer sirtiga qadar yetib kelishi mumkin. Аmmo buning uchun atmosferaga kirgan jismning oʼlchamlari anchagina katta boʼlishi lozim. Meteoritli bolidga 2013-yil 15-fevraldagi Chelyabinsk meteoritini misol qilib keltirish mumkin.

Yurtimizda kuzatilgan jismning ham biror qoldiqlari topilgani haqida esa maʼlumotlar mavjud emas va uni oddiy, qoldiqsiz bolid deb taxmin qilsa boʼladi.

OʼzR FА Аstronomiya instituti kichik ilmiy xodimi,

Kamoliddin Ergashev.