Yuqorichirchiq tumanidan ko’za topildi

2021-yil 14-aprel kuni Oʼzbekiston Fanlar akademiyasi Tarix instituti va Madaniy meros departamenti xodimlari hamkorlikda Toshkent viloyatining Yuqorichirchiq tumanidagi arxeologik yodgorliklarni qayta xatlovdan oʼtkazish ishlari olib borildi. O’rganishlar paytida ushbu tumanning Surankent MFY, Yangi hayot mahallasi, Mehribon koʼchasida alohida tepalik koʼrinishida saqlanib qolgan Sigirtepa arxeologik yodgorligining janubi-sharqiy tomonidagi tuproqlar orasida singan holatdagi sopol idishga duch kelindi. Ushbu sopol idish tuproqdan ajratib olingach, tana qismi tuxumsimon boʼgʼzi uzun, bir uchi boʼgʼzining tepasiga, ikkinchi uchi keng tana qismiga ulangan “Г” shaklidagi qalin dastali koʼza ekanligi aniq boʼldi. Koʼza oʼrganilganda boʼyining saqlangan qismi 48 sm.ni, ogʼzining diametri – 10 sm.ni, yassi shaklidagi tagining diametri – 15 sm.ni, uzun boʼgʼzining balandligi esa – 15 sm.ni tashkil qildi.

 

Bu koʼza kulolchilik charxi yordamida yasalgan boʼlib, uning yelkasiga aylanasi boʼylab taraqsison moslama bilan yonma-yon toʼrt qator botiq chiziq tushirib bezak berilgan. Koʼza xumdorda pishirilgandan soʼng jigarrang tusga kirgan. Pishirilib tayyor boʼlgan soʼng uning sirtiga qizil rangdagi angob bir tekisda surtib chiroy berilgan.

Tadqiqotlarda bunga oʼxshash qizil rangda angoblangan, tanasi tuxumsimon, boʼgʼzi uzun koʼzalar Toshkent vohasida aniqlanib, miloddan oldingi II asrdan – milodiy VI asrning birinchi yarmigacha boʼlgan davr bilan davrlashtirilgan Qavunchi madaniyati nomi berilgan kulolchilik buyumlari majmuasida koʼplab uchraydi. Аmmo bu madaniyatga oid koʼzalar moʼrtligi, charx yordamisiz, qoʼlda yasalganligi, dastasining kichikroqligi bilan Yuqorichirchiq tumanidan topilgan koʼzadan farq qiladi. Topilgan ushbu koʼza oʼzining charxda bejirim qilib yasalganligi, yelkasiga taraqsimon asbobda aylanasiga tirnab bezak berilganligi, dastasining shakli va yuksak did bilan ishlanganligiga koʼra Oʼzbekistondagi koʼplab yodgorliklardan topib oʼrganilgan IX-XII asrlarga oid koʼzalarga oʼxshab ketadi. Shularga asoslanib yangi topilgan koʼzani qadimiy hunarmadchilik anʼanalarining takomillashuvi natijasida IX-XII asrlarda ishlab chiqarilganligini, u topilgan yodgorlik ham shu asrlarga oidligini taxmin qilish mumkin.

Ushbu koʼzani kelajakda Toshkent muzeyiga topshirish koʼzda tutilgan. Chunki, oʼzbek xalqining uzoq vaqtlar davomida avloddan-avlodga oʼtib kelgan oʼziga xos hunarmandchilik anʼanalarini koʼrsatib bera oladigan mazkur topilma muzey koʼrgazmalari orasida oʼzining munosib oʼrnini topadi va muzeyga tashrif buyuruvchi tomoshabinlarda katta qiziqish oʼygʼotadi deb oʼylaymiz.

 

Dilmurod NORMURODOV,

Fanlar akademiyasi Tarix instituti boʼlim boshligʼi