“Rahbar va yoshlar” muloqoti doirasida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi prezidenti, akademik Shavkat Ayupov FA tizimidagi ilmiy tashkilotlarda faoliyat olib borayotgan yosh olimlar bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Uchrashuv davomida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 27-dekabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 390-sonli qarori mazmun-mohiyati, ushbu hujjatda belgilangan ustuvor vazifalar va amalga oshirilayotgan tizimli islohotlar haqida batafsil ma’lumot berildi.
Akademik Shavkat Ayupov o‘z nutqida Fanlar akademiyasini zamonaviy ilm-fan talablari asosida rivojlantirish, ilmiy tadqiqotlar samaradorligini oshirish, fundamental va amaliy fanlar integratsiyasini kuchaytirishda yosh olimlarning o‘rni va mas’uliyati alohida ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.
Qarorda yosh tadqiqotchilarni qo‘llab-quvvatlash, ularning ilmiy tashabbuslarini rag‘batlantirish, ilm-fanga iqtidorli yoshlarni keng jalb etish masalalari ustuvor yo‘nalish sifatida belgilangani qayd etildi.
Shuningdek, uchrashuv ochiq muloqot tarzida o‘tib, yosh olimlar o‘zlarini qiziqtirgan savollar, ilmiy faoliyatdagi muammolar va takliflar bilan murojaat qilishdi. Ilmiy grantlar, xalqaro hamkorlik, ilmiy natijalarni tijoratlashtirish hamda kadrlar salohiyatini oshirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.