Yosh sharqshunoslar xalqaro konferensiyasi oʼtkazildi

Oʼzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Аbu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti tomonidan har yili anʼanaga aylangan akademik Ubaydulla Karimov nomidagi yosh sharqshunoslar konferensiyasi oʼtkazildi. Bu yilgi konferensiya “Oʼzbekistonda islom madaniyati, tarixi va sanʼatini oʼrganishning yangi istiqbollari” deb nomlandi.

Mazkur konferensiya 2004-yildan beri oʼtkaziladi. 2019-yildan esa u respublika miqyosidagi tadbirdan xalqaro darajaga koʼtarildi.

Tadbirning rasmiy qismidan avval ishtirokchilar uchun Institut qoʼlyozmalar fondidagi manbalarning nodir namunalari qoʼyilgan koʼrgazma uyushtirildi.

 

Konferensiya ishi Islom tarixi, madaniyati va sanʼatini tadqiq etish markazi (IRSISА) bosh direktori professor, doktor Mahmud Erol Qilich va Oʼzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti, Аbu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti direktori B.Аbduhalimovning kirish soʼzlari bilan ochildi. Shundan soʼng konferensiya ishtirokchilariga Oʼzbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi direktori Sh.Minovarov, Oʼzbekiston xalqaro islom akademiyasi prorektori professor Z.Islomov, Oʼzbekistonga oid xorijdagi madaniy boyliklarni tadqiq etish markazi hamda Imom al-Buxoriy, Imom at-Termiziy, Imom al-Moturidiy xalqaro ilmiy tadqiqot markazlari direktorlari oʼz tabrik soʼzlari bilan murojaat qildilar.

 

 Konferensiyaning yalpi majlisida akademik Ubaydulla Karimov tadqiqotlarining Oʼzbekiston sharqshunosligidagi oʼrni, Movarounnahrning islom sivilizatsiyasidagi oʼrni va ahamiyati, XIX asr oxiri-XX asr boshlaridagi Oʼrta Osiyo ijtimoiy hayotida musulmon ulamolarining roli hamda Janubiy Issiqkoʼlning islom davri qayroqlari mavzulariga doir Oʼzbekiston, Turkiya va Qirgʼiziston olimlarining maʼruzalari tinglandi.

Konferensiya ishida Fanlar akademiyasining ijtimoiy-gumanitar institutlari va muzeylari, sohaga ixtisoslashgan oliy taʼlim muassasalari vakillari, shuningdek, Qozogʼiston, Qirgʼiziston, Ozarbayjon, Rossiya Federatsiyasi, Turkiya va АQShning universitet va ilmiy-tadqiqot markazlari olimlari onlayn tarzda ishtirok etdilar.