Butunjahon fanlar akademiyasi (TWAS) Birlashgan millatlar tashkiloti shafeligida faoliyat koʼrsatuvchi yirik xalqaro ilmiy muassasadir.
Bugungi kunda mazkur nufuzli ilmiy tuzilma sayyoramizning barcha qitʼalaridan ming nafardan ziyod yetakchi olim, muhandis va ixtirochilarni birlashtirib kelmoqda. 2021-yil 17-avgustda tashkilotning yangi yosh aʼzolarini aniqlash boʼyicha oʼtkazilgan saylovda oʼzbek olimi ana shunday yuksak sharafga munosib topildi. Raxmatullayev Muzaffar Muxammadjanovich Markaziy Osiyodan yangi saylangan olimdir.
Muzaffar Raxmatullayev 1982-yilda Namangan viloyati, Uychi tumanida tugʼilgan. Oʼzbekiston Milliy universitetini tamomlagan. Namangan davlat universitetida aspiranturani muvaffaqiyatli yakunlagan. Soʼngra Oʼzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi V.I.Romanovskiy nomidagi Matematika institutida M.Raxmatullayev 2017-yilda professor Oʼtkir Roziqov rahbarligida doktorlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qilgan. M.Raxmatullayev 2020-yildan buyon FA Matematika instituti Namangan hududiy boʼlinmasi mudiri lavozimida ishlab kelmoqda.
M.M.Raxmatullayev 100 dan ortiq ilmiy ishlar muallifi, ahamiyatlisi shundaki, nashrlarining katta qismi yuqori impakt-faktorli xalqaro jurnallarda chop etilgan.
M.M.Raxmatullayev yuqori malakali kadrlar tayyorlash borasida ham bir necha yildan buyon sermahsul faoliyat yuritib keladi. Bugungi kunda shogirdlari orasidan 5 tasi PhD ilmiy darajalarini olishga tayyorlanmoqdalar.