Oʼzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Davlat va huquq institutida “Yangi Oʼzbekistonning taraqqiyot strategiyasi va huquqshunoslik fanlarining dolzarb muammolari” mavzusida oflayn va onlayn shaklda ilmiy-amaliy tadbir boʼlib oʼtdi.
Tadbir Oʼzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti huzuridagi Oʼzbekiston Respublikasida yuridik fanlarni rivojlantirish boʼyicha Muvofiqlashtiruvchi kengash tomonidan tashkil etildi. Ilmiy-amaliy tadbirda Muvofiqlashtiruvchi kengash aʼzolari, Oʼzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti ilmiy xodimlari, Oʼzbekistondagi yuridik oliy oʼquv yurtlari vakillari, soha mutaxassislari, shuningdek, yosh tadqiqotchilar ishtirok etdi.
Tadbir davomida, Yangi Oʼzbekiston taraqqiyot strategiyasida belgilangan dolzarb mavzular – qonun ustuvorligi va konstitutsiyaviy qonuniylikni taʼminlash hamda inson qadrini ulugʼlash, mulkiy huquqlarning daxlsizligini ishonchli himoya qilish hamda davlat organlarining mulkiy munosabatlarga noqonuniy aralashuvini cheklash, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida qonunchilikni takomillashtirish, jamoat xavfsizligini taʼminlash, huquqbuzarliklarning sodir etilishiga sabab boʼlgan shart-sharoitlarni oʼz vaqtida aniqlash va bartaraf etishning samarali tizimini yaratish, huquqiy sohadagi xalqaro ilmiy tadqiqotlarni takomillashtirish kabi mavzularga bagʼishlangan maʼruzalar tinglandi.
Tadbir yakunida yuridik fanlar sohasida 12.00.01 – 12.00.14 ixtisoslik shifrlari boʼyicha PhD va DSc namunaviy mavzulari tasdiqlandi hamda Davlat va huquq instituti tomonidan chop etilgan yuridik adabiyotlar taqdimoti oʼtkazildi.