O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Botanika institutida muhim ilmiy voqea — “Useful Plants of Uzbekistan series: Flora of Surkhandarya (Vol. I)” nomli yangi kitobning taqdimot marosimi bo‘lib o‘tdi.
Ushbu nashr Janubiy Koreyaning nufuzli Biofan va Biotexnologiya tadqiqot instituti (KRIBB) hamda O‘zR FA Botanika instituti olimlari hamkorligida tayyorlandi. Kitobda Surxondaryo viloyatining noyob va foydali o‘simliklari, ularning ekologik ahamiyati va bioxilma-xilligi haqida batafsil ma’lumot berilgan.
Taqdimot chog‘ida ikki muassasa o‘rtasidagi ilmiy hamkorlik natijalari, O‘zbekiston florasini dunyoga tanitishdagi bu nashrning ahamiyati haqida fikrlar bildirildi. O‘zbekiston va Janubiy Koreya olimlari tomonidan hamkorlikda amalga oshirilayotgan “Useful Plants of Uzbekistan” loyihasi kelgusida boshqa viloyatlarning florasini ham qamrab olishi ko‘zda tutilgan. Bu nashrlar O‘zbekistonning boy bioxilma-xilligini ilmiy asosda hujjatlashtirish, uni xalqaro tadqiqot bazalariga kiritish hamda ekologik barqarorlikni ta’minlashda muhim manba bo‘lib xizmat qiladi.
"Bu kitob – nafaqat o‘simliklar haqidagi bilimlar manbai, balki xalqaro ilmiy hamkorlikning yorqin namunasi" — deya ta’kidladi akademik Komiljon Tojibayev.
Bu nashr O‘zbekistonning boy va rang-barang o‘simlik dunyosini chuqur ilmiy tadqiq etishga va uni jahon ilmiy hamjamiyatiga taqdim etishga qaratilgan keng qamrovli ishlarning navbatdagi bosqichi hisoblanadi.
Taqdim etilgan kitob butunlay xalqaro standartlarga javob beradi hamda Surxondaryo florasining global miqyosda e’tirof etilishiga xizmat qiladi.