2019-yil 6-sentabrda O‘zR FA Arxeologik tadqiqotlar Institutining turli davrlar bo‘yicha mutaxassislari tomonidan Navoiy viloyatiga bir kunlik arxeologik qidiruv ekspeditsiya uyushtirildi.
Yodgorlik cho‘kindi geologik jinslardan tarkib topgan balandligi taxminan 80-100 metrlik tik qoya ustiga qurilgan. Joylanishi tarixiy-strategik jihatdan qulay, Nurota tog‘ tizmasini kesib o‘tadigan dovonning eng yuqori qismida joylashgan bo‘lib, o‘tish yo‘lini nazorat qiluvchi qo‘riqlash minorasi qoldig‘i ekanligi aniqlandi.
Ushbu joydagi arxeologik kuzatuvlar natijasida XI-XIII asrlarga oid sirlangan va sirlanmagan sopol idish parchalari, temirdan yasalgan yaproqsimon paykon uchi, 22x22x4 sm. o‘lchamdagi pishiq g‘isht bo‘laklari hamda temuriylar davriga oid mis tanga, 25-27x25-28x4-5 sm. o‘lchamdagi pishiq g‘isht qoldiqlari, sirlanmagan sopol idish parchalari topildi. Qo‘shimcha tarzda temirga ishlov berish qoldiqlarining kuzatilishi shu atrofda temir ishlab chiqarish ustaxonalari mavjud bo‘lganligini ko‘rsatadi. Kuzatuvlar jarayonida Makedoniyalik Iskandar (yunon davri) davriga oid topilmalar kuzatilmadi.
Shuni alohida ta’kidlash lozimki, qoyaning tepa qismi tekis qoyalikdan iborat va o‘lchami taxminan 10x10 metrda. Shu jihatdan qala uchun xos bo‘lgan kazarma va boshqa me’moriy qurilmalar mavjud emas. Faqatgina hozirda saqlanmagan kuzatuv minorasiga mansub pishiq g‘isht parchalari sochilib yotibdi. Minora devorlarining ayrim katta bo‘laklari pastga qulab tushgan. Mahalliy aholining qayd qilishicha, minoraning g‘ishtlari o‘tgan asrning 50-60-yillarida tashib ketilgan.
Yodgorlik Makedoniyalik Iskandar davriga oid bo‘lmasada, bu yerda tabiat-etnografik turizmini rivojlantirishga yetarlicha salohiyatga ega. Xususan, ajoyib tog‘ manzarasi, tog‘ jinslarining noodatiy shakllari, mahalliy aholining o‘ziga xos urf odatlari hamda yaxshi transport yo‘li mavjud. Ayni vaqtda qoya tepasida o‘rta asrlarga oid kuzatuv minora maketini qayta tiklash, pastki qismida turli davrlarga oid turar joylar maketini bunyod etish va shu orqali bu yerga turistlarni jalb qilish maqsadga muvofiqdir.
Rasmiy veb-saytimizni, ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimizni kuzatib boring. Ushbu arxeologik yodgorlik haqida batafsil ma’lumotlarni berib boramiz.