“Xalqaro terminelementlarning izohli-illyustrativ lugʼati” taqdimoti boʼlib oʼtdi

Oʼzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Davlat tilini rivojlantirish departamenti tashabbusi bilan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat Oʼzbek tili va adabiyoti universitetida OʼzR FА Oʼzbek tili, adabiyoti va folklori instituti direktori, f.f.d. Nizomiddin Mahmudov muharrirligi ostida nashr etilgan “Xalqaro terminelementlarning izohli-illyustrativ lugʼati” taqdimoti boʼlib oʼtdi.

Unda Departament vakillari, lugʼat mualliflari, soha mutaxassislari, shuningdek, davlat organlari va tashkilotlarining maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili toʼgʼrisidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini taʼminlash masalalari boʼyicha maslahatchilari ishtirok etdi.

 

Taqdimotda ushbu lugʼat oʼzbek leksikografiyasidagina emas, balki turkiy xalqlar lugʼatchiligida ham dastlabki tajriba ekanligi taʼkidlandi. Shuningdek, ushbu lugʼatdan oʼzlashayotgan xalqaro terminlarning ajraluvchi tarkibiy qismlari, yaʼni terminelementlarning maʼnolarini ochib berish, ularning soʼz yasash imkoniyatlarini koʼrsatish, ular ishtirokida yasalgan terminlarga izoh beruvchi qoʼllanma sifatida foydalanish mumkinligi aytildi.

Lugʼat turli soha mutaxassislariga, keng kitobxonlar ommasiga moʼljallangan.