Xalqaro tajriba: Oʼrta Osiyo qadimgi hunarmandchiligi

OʼzR FА Milliy arxeologiya markazida “Oʼrta Osiyo qadimgi hunarmandchiligi” mavzusida seminar oʼtkazildi. Unda Milliy arxeologiya markazi xodimlari, proffesor ustozlar, talabalar hamda onlayn tarzda hududlardagi soha mutaxassislari ishtirok etishdi. Shuningdek, seminarda ispaniyalik izlanuvchi Barselona universiteti professori Veronika Martines Ferrera hamda frantsiyalik tadqiqotchi, Oʼrta Osiyo tarixi mutaxassisi, professor Bertille Lionet xonim ham ishtirok etdi.

 Seminar avvalida FА Milliy arxeologiya markazi rahbari Farhod Maqsudov bugungi kunda arxeologiya sohasida olib borilayotgan keng koʼlamli izlanishlarning samaralari, yutuq va yangiliklari haqida maʼlumot berdi.

 

Аrxeologik izlanishlar vaqt oʼtgan sayin yangi muvaffaqiyatlarga erishmoqda. Endilikda arxeologlar topilmalarning texnologiyasi haqida taxminiy emas aniq maʼlumotlarni qoʼlga kiritishmoqda. Seminarda oʼz izlanishlari haqida soʼzlab bergan professor Veronika Martines xonim Surxondaryo viloyatida olib borilgan ilmiy ishlarda, sopol idishlarning tarkibiy xususiyatlari, saqlanish omillari haqida maʼlumotlar berdi.

Darhaqiqat, Surxon vohasi Oʼrta Osiyo kulolchiligining ilk oʼchoqlaridan biri sanaladi. Vohaning turli arxeologik yodgorliklaridan topilgan kulolchilik buyumlari, ayniqsa, bronza davrida yuksak did bilan yasalgan nafis, bejirim xurmocha, koʼza, qadah va boshqa sopol idishlar qadimiy xalq hunarmandchilik texnologiyasining oʼta yuksak darajada boʼlganidan darak beradi.

 Oʼtmishda tuproqdan qoʼl kuchi bilan shunday nafis sanʼat asarlari, noyob buyumlar yaratilganiga qoyil qolmay iloj yoʼq. Seminar davomida ana shunday noyob sopol idishlarning naʼmunalari koʼrsatildi. Sopolning oʼzidan bir nechta uslubda idishlar yasalgan boʼlib, ayrimlariga turli toshlardan qorishmalar tayyorlab foydalanilganini koʼrish mumkin.