"Vobkent tarixi: o‘tmishdan bugungacha" mavzusida respublika ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi

2022-yil 29-aprel kuni Vobkent tuman hokimligi tomonidan Buxoro davlat universiteti, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Vobkent tuman bo‘linmasi, O’zbekiston Fanlar akademiyasi hamda “Umrboqiy meros” O‘zbekiston madaniyati va san’ati targ‘ibot markazi bilan hamkorlikda“Vobkent tarixi: o‘tmishdan bugungacha” mavzusida respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi tashkil qilindi.

Mazkur konferensiyada O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi yetakchi ilmiy xodimlari, Buxoro davlat universitetining professor-o‘qituvchilari hamda tadqiqotchilari, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Buxoro viloyati tumanlari bo‘linmalarining rahbarlari, Vobkent tumani xalq ta’limi tizimi xodimlari, olim va mutaxassislar, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar.

 

foto: Vopkent tumani axborot xizmati

Konferensiya ishi sessiyalarga bo‘lingan holda tashkil qilindi. Jumladan, “Vobkent tumanining manbalarda aks etgan tarixi” hamda “Vobkent tumanining madaniy-tarixiy va ma’naviy-ma’rifiy merosi” deb nomlangan sessiyalar davomida jami 30 ga yaqin ilmiy ma’ruzalar tinglandi.

Konferensiyada Vobkent tarixining hali ochilmagan qirralari juda ko‘pligi, istiqbolda tuman tarixini o‘rganish yo‘lidagi sa’y-harakatlarni izchillik bilan davom ettirish lozimligi alohida qayd etildi. Konferensiya nihoyasida ishtirokchilar uni tashkil qilishda beminnat hissa qo‘shgan barcha tashkilotchilarga minnatdorlik bildirgan holda konferensiyaning yakuniy tavsiyalarini qabul qildilar.