Urumchida “Sog‘liqni saqlash Ipak yo‘li” tashabbusi doirasida Xitoy – Markaziy Osiyo sog‘liqni saqlash hamkorligi konferensiyasi bo‘lib o‘tdi

 Xitoyning Shinjon Uyg‘ur Avtonom Rayoni markazi — Urumchi shahrida Xitoy va Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasida sog‘liqni saqlash sohasidagi hamkorlikni yanada chuqurlashtirish, “Health Silk Road” (“Sog‘liqni saqlash Ipak yo‘li”) tashabbusini ilgari surish hamda mintaqaviy miqyosda barqaror va samarali sog‘liqni saqlash hamkorlik mexanizmini yaratish maqsadida “China–Central Asia Disease and Health Cooperation Consortium” (Xitoy – Markaziy Osiyo kasalliklar va sog‘liqni saqlash bo‘yicha hamkorlik konsorsiumi) konferensiyasi oʻtkazildi.  
Konferensiyada Xitoy, O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston davlatlari fan, tibbiyot va sog‘lik saqlash sohasi, Fanlar akademiyasi vakillari, yosh olimlar qatnashdi. Unda O‘zbekistondan vakil sifatida akademiklar Sh.Salixov hamda Sh.Sagdullayev hamda FA O‘simlik moddalari kimyosi instituti ilmiy xodimlari ishtirok etishdi.

 

Konferensiya ishida sunʼiy intellekt, teletibbiyot, innovatsion dori vositalarini yaratish va ularni amaliyotda sog‘likni saqlash sohalarida samarali qo‘llash tizimlariga eʼtibor qaratish, kasalliklarning oldini olishda fanning zamonaviy yutuqlarini hamda xalq tabobati yordamida dorivor o‘simliklardan tayyorlangan dori vositalarini qo‘llash masalalari ko‘rib chiqildi. 

Shuningdek, konferensiya doirasida Xitoy – Markaziy Osiyo kasalliklar va sog‘liqni saqlash bo‘yicha hamkorlik konsortsiumi qo‘mitasi boshqaruv a’zolari saylandi. Xitoy Muhandislik akademiyasi akademigi Han Demin Qo‘mita raisi etib saylandi. Bundan tashqari, har bir ishtirokchi davlatdan mas’ul xodimlar belgilanib olindi.
Har yili bir marta ishtirokchi davlatlarda navbatma-navbat konferensiyani o‘tkazishga kelishib olindi va 2026-yilda navbatdagi konferensiya O‘zbekistonda o‘tkazilishi belgilandi.
Konferensiyada xalqaro tajribalar, yangi metodologiyalar va amaliy qo‘llanilish imkoniyatlari bo‘yicha fikr almashildi. O‘tkazilgan tadbir ishtirokchi mamlakatlar uchun nafaqat o‘zaro tajriba almashishga xizmat qiladi, balki do‘stlik va hamkorlikni yanada chuqurlashtirish, istiqbolli yo‘nalishlar bo‘yicha qo‘shma rejalar tuzish imkonini beradi.