“Tyan-Shan tog'lari florasi: Endemik turlar” monografiyasi chop etildi

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Botanika instituti direktori, akademik K.Sh.Tojibayev rahbarligida va Korea National Arboretum ko‘magida Geobook nashriyotida (Janubiy Koreya) “The Flora of Tien Shan Mountains: Endemic Species” ("Tyan-Shan tog‘lari florasi: Endemik turlar") monografiyasi nashr etildi. Monografiya ushbu mualliflar jamoasining Tyan-Shanning turli mintaqalari florasiga bag‘ishlangan bir qator nashrlarining mantiqiy davomidir. 2015-yilda ushbu monografiya mualliflari “The Flora of Tien Shan Mountains: Chimgan Mountains” ("Tyan-Shan tog‘lari florasi: Chimyon tog‘lari") kitobini,  bir yildan so‘ng esa “Botanical geography of Uzbekistan” (“O‘zbekiston botanik geografiyasi”) kitobini nashr etishgan.

 

Monografiyada Tyan-Shan florasining endem turlari fraksiyasining tarkibi birinchi marta nashr etildi. Ushbu ish mualliflarning shimoli-sharqdagi Ketmen tizmasidan (Qozog‘iston) Mo‘g‘iltog‘gacha (janubi-g‘arbda) bo‘lgan yangi dala tadqiqotlari natijalariga, ilmiy manbalar va Toshkent (TASH), Olmaota (AA) Bishkek (FRU), Moskva (MW), Sankt-Peterburg (LE) va boshqa yirik gerbariy to‘plamlarida so‘nggi yuz yil ichida saqlanayotgan gerbariy namunalarini tahlil qilish natijalariga asoslangan. Tadqiqotlar Markaziy Osiyo va Janubiy Koreya olimlarining birgalikdagi izlanishlari natijasidir. Kitobda 880 turga ega bo‘lgan endemik o‘simliklar tarkibi keltirilgan. Har bir tur uchun turlarning morfologiyasi,  ekologiyasi, raqamli tasvirlari va Tyan-Shan tizmalari bo‘ylab tarqalishi haqida ma’lumotlar keltirilgan. Kitob floristlar, sistematiklar, biogeograflar va ekologlar uchun mo‘ljallangan.