Fanlar akademiyasi Zoologiya instituti huzuridagi Respublika termitlarga qarshi kurashish ilmiy-ishlab chiqarish markazi olimlari tomonidan ilk bor Oʻzbekiston faunasi uchun Blattodea turkumi, Termitidae oilasi, Amitermes avlodiga mansub Amitermes rhizophagus yangi termit turi aniqlandi.
Adabiyot maʼlumotlariga koʻra, Termitidae oilasi vakillari faqat Oʻrta Osiyoda - Turkmanistonda tarqalgan.
Mazkur tur respublikamizning janubida Qashqadaryo viloyati Mirishkor tumani Vori qishlogʻida aholi turar joylari va ularga tutash hududlarning yogʻoch konstrutsiyalarini termitlar bilan zararlanish holatini aniqlash yuzasidan monitoring tadqiqot ishlari jarayonida aniqlandi.
Amitermes rhizophagus termit turining turli tabaqa: askar, nimfa, ishchi vakillarini morfologik belgilari va molekulyar genetik tahlil maʼlumotlariga koʻra identifikatsiya qilish ularning Amitermes rhizophagus Belyaeva, 1974 termit turiga mansubligini tasdiqladi.
Amitermes rhizophagus termit turi askar tabaqasining tasnifiy belgilari: mandibulalari choʻziq, oʻtkir uchli oʻroqsimon, choʻqqisidan marginal tishiga qadar qizgʻish-jigarrang, keyin asosga tomon qoʻngʻir-sargʻish; har bir mandibulaning oʻrtasida asosga bir oz orqaga yoʻnaltirilgan bitta toʻgʻridan-toʻgʻri kesilgan marginal tish joylashgan; - pronotum egarsimon, bosh asosidan sal kengroq va ensani sal yopadi; uning oldingi chekkasi tekis, orqa chekkasi sezilar-sezilmas qirqilgan.
Termitlar jamoasi kesilgan chinor oʻsimligining ildiz oldi qismida yuqori namlikka ega boʻlgan chirigan yogʻoch poʻstloq ostida qayd etildi (38°42′29.0′′N, 65°11′11.1"Ye, 200-400 m dengiz sathidan). Termitlar jamoasi 1500 tani tashkil etib, 50 nafar nimfa, 35 nafar askar, 1415 nafar ishchi termit tabaqalaridan iborat ekanligi aniqlandi. Yigʻilgan namunalar orasida qanotli tabaqalari uchratilmadi. Amitermes rhizophagus termit turi tarqalgan joyda termitlarning uya va oziqa kameralari, shuningdek loy -suvoqlar qayd etilmadi.
Oʻzbekiston faunasida ilk bor qayd etilgan mazkur Amitermes rhizophagus Belyaeva, 1974 turi tahlillarga koʻra, Shimoliy Turkmanistondan Janubiy Oʻzbekistonga tabiiy ravishda kirib kelganligidan dalolat beradi.