2022-yil 16-21-may kunlari Fransiyaning Loy arxitekturasi xalqaro markazi (CRAterre) yetakchi ilmiy xodimi Shamsia Sadozai boshchiligida Xorazmdagi Integrallashgan madaniy meros dasturi doirasida loy arxitekturasida qo‘llaniladigan zamonaviy usullar bo'yicha bir haftalik seminar-trening o‘tkazildi.
Seminar-trening Xorazm Ma’mun akademiyasining Kat-qal’a arxeologik ekspeditsiyasi (ekspeditsiya rahbari B.P.Sadullayev) faoliyati jarayonida Xorazm viloyati Shovot tumani Kat-qal’a yodgorligida amalga oshirildi. Treningda Xorazm Ma’mun akademiyasi ilmiy xodimlari va ekspeditsiya jarayonlarida ishtirok etayotgan Urganch davlat universiteti talabalari ham qatnashdilar.
Seminar-treningda qazib ochilgan arxeologik obyektlarni konservatsiya qilish bo‘yicha jahon tajribasida qo‘llanilayotgan zamonaviy va an’anaviy uslublardan foydalanildi. Tajriba sifatida bir necha xil tuproqdan somon va turli ingrediyentlar aralashgan loy qorishmalar tayyorlanib, ochilgan inshoot qoldiqlari konservatsiya qilindi hamda ulardan eng samarali uslubi tanlanib, kelajakda mahalliy sharoitlarni e’tiborga olgan holda arxeologik obyektlarni konservatsiya qilishga tavsiya berildi. Shuningdek, arxeologik qazishmalarni konservatsiya qilishda geotekstil matosidan foydalanishning afzalliklari ta’kidlanib, tajriba sifatida ochilgan arxeologik obyektning bir qismida amalda qo‘llanildi.
O‘z navbatida fransiyalik mutaxassis Shamsia Sadozai seminar-trening davomida Loy arxitekturasi xalqaro markazi (CRAterre) tomonidan dunyoning bir qancha arxeologik yodgorliklarida amalga oshirilgan konservatsiya loyihalari bo‘yicha qilingan amaliy tajribalar bilan ham tanishtirib o‘tdi. Trening ishtirokchilari o‘zlarini qiziqtirgan ko‘plab savollarga javob olishdi. Loy arxitekturasi bo‘yicha amalga oshirilgan ushbu tadbir tarixiy-arxeologik merosimizni asrab-avaylash va kelajak avlodga yetkazishda zarur bo‘lgan bilim va ko‘nikmalarni egallashda katta ahamiyatga ega bo‘ldi.
Ushbu seminar-trening doirasida Fransiyaning Loy arxitekturasi xalqaro markazi (CRAterre), Xorazm Ma’mun akademiyasi hamda Urganch davlat universiteti o‘rtasida Memorandumni imzolangan bo‘lib, kelajakda hamkorlikni yanada kuchaytirishga e’tibor qaratildi.