OʼzR FА Milliy arxeologiya instituti olimlari tomonidan “Soʼx qadimda va oʼrta asrlarda (arxeologik materiallar misolida)” nomli ilmiy risola nashr etildi.
Soʼx Fargʼona vodiysining janubida Soʼx daryosiniing adir orti mikrovohasida joylashgan koʼrkam oʼlka boʼlib qadimdan ajdodlarimizni oʼziga jalb qilib kelgan. Аrxeologik materiallarning guvohlik berishicha, mln yildan ziyodroq tarixga ega boʼlgan bu diyor bundan toʼrt-besh ming yil avvaldan Markaziy Osiyo xalqlari bilan yaqindan aloqada boʼlgan. Аyniqsa, ilk va rivojlangan oʼrta asrlarga kelib u Buyuk ipak yoʼlining Fargʼona orqali oʼtgan Shimoliy yoʼnalishidagi asosiy hududlardan biriga aylanadi. Bu yerda dehqonchilik, yaylov chorvachiligi va togʼ-kon sanoati har tomonlama rivojlanadi. Rivojlangan oʼrta asrlar davrida Fargʼona vodiysiga kirgan har bir karvon Soʼx orqali yurishga harakat qilgan.
Ushbu ilmiy risola yangi arxeologik materiallar asosida yozilgan boʼlib, Oʼzbekiston xalqlarining uzoq oʼtmish tarixi haqida yozilajak akademik nashrlar, darslik va qoʼllanmalarni tayyorlashda manba boʼlib xizmat qiladi. Ushbu ilmiy risolada yangi arxeologik materiallarni yozma manbalar bilan qiyosiy tahliliy tadqiqot asosida tayyorlangan boʼlib, unda Fargʼona vodiysi va Buyuk ipak yoʼli tarixi haqida yangi maʼlumotlar joy olgan.