Bugungi kunda mamlakatimizda fundamental fanlarning amaliy tadbiqqa ega boʼlgan dolzarb yoʼnalishlariga eʼtibor kuchaytirilmoqda. Ilm-fan oldiga fundamental tadqiqotlarni amaliyotga joriy qilish masalasi muhim vazifa sifatida qoʼyilgan.
OʼzR FА V.I.Romanovskiy nomidagi Matematika instituti “Dinamik sistemalar va ularning tatbiqlari” laboratoriyasida akad. А.Аzamov rahbarligida bevosita amaliyotga bogʼliq boʼlgan bir qator masalalar ustida ilmiy ishlar olib borilmoqda. Jumladan, issiqlik elektrostantsiyalari aylanuvchi regenerativ havo qizdirgichlaridagi siklik issiqlik almashish jarayonining matematik modellari takomillashtirildi. Bu borada, siklik jarayonlarning matematik modeli boʼlib xizmat qiluvchi differentsial tenglamalar sistemalarining fundamental matritsalari uchun oshkor formulalar topildi, siklik issiqlik almashish jarayonini modellashtiruvchi diskret dinamik sistemalarni qurildi, hosil boʼlgan diskret sistemalarning yechimlari topilib, ularning sifat xossalari aniqlandi, issiqlik oʼtkazuvchanlikni xarakterlovchi parametrlarning qiymatlarini topishdan iborat teskari identifikatsiya masalasini yechildi.
Olingan natijalar asosida aylanuvchi regenerativ havo qizdirgichlarning ish rejimini ifodalovchi kompyuter dasturi yaratildi. Yaratilgan kompyuter dasturi “Oʼzbekenergo” АJ “Ilmiy texnik markazi” xodimi, Oʼzbekistonda xizmat koʼrsatgan ixtirochi va ratsionalizator, professor S.K.Ismatxodjaev rahbarligida yaratilgan, issiqlik elektrostantsiyalarining iqtisodiy samaradorligini oshirishga, atmosferaning ifloslanishini kamaytirishga xizmat qiluvchi “Kalorifer ortidagi havo haroratini avtomatik boshqarish uslubi” mavzusida ixtiroga qoʼllanildi. Hozirgi kunda mazkur ixtironi amaliyotga bevosita joriy qilish mumkin.