Bugun Fanlar akademiyasi Fizika-matematika va texnika fanlari boʻlimi ilmiy-texnik kengashida akademik S.Baxramov rahbarligida “Seysmik barqarorlik” yoʻnalishi boʻyicha Fanlar akademiyasi institutlari tomonidan taklif etilayotgan loyihalar muhokamasi boʻlib oʻtdi. Kengashda ushbu fan sohasi akademiklari Q.Abdullabekov, M.Mirsaidov va yetakchi olimlari ishtirok etishdi. Unda 2030-yilgacha Fanlar akademiyasi tizimi tashkilotlarida amalga oshiriladigan ilmiy tadqiqotlar dasturi muhokama qilindi. Tadbirda kuchli zilzilalarni prognoz qilish usullarini innovatsion tahlil qilish, yer qobigʻidagi geodinamik jarayonlarni aniqlashda zamonoviy texnologiyalarni tadbiq etish, grunt qatlamlarini seysmik tebranishlarga mustahkamligini oʻrganish, seysmik xatarni baholash va boshqarishning ilmiy asoslari, zilzilabardosh qurilish masalalari va boshqa bir qator dolzarb mavzularga bagʻishlangan 15 ta loyihalar taqdimotlari boʻlib oʻtdi. Saralab olingan loyihalar Fanlar akademiyasining “Seysmik barqarorlik” dasturiga kiritilishi kelishib olindi.