Hukumat qarori bilan (603-son, 15.10.2022 y.) “Respublikaning seysmik faol zonalarida qurilishi rejalashtirilayotgan xavflilik omili IV toifaga mansub boʼlgan bino va inshootlarga zilzilabardoshlik boʼyicha ilmiy xulosalar berish tartibi toʼgʼrisida”gi nizom tasdiqlandi.
Nizomga koʼra, loyiha-smeta hujjatlari tayyorlangandan keyin ular xavflilik omili IV toifaga mansub obyektlarga zilzilabardoshlik boʼyicha ilmiy xulosalar olish hamda ekspertizadan oʼtkazish uchun buyurtmachi tashkilotlar tomonidan Qurilish vazirligiga taqdim etiladi va quyidagi muddatlarda xulosa beriladi:
loyiha-smeta hujjatlari uch kun muddatda zilzilabardoshlik boʼyicha ilmiy xulosalar olish uchun Fanlar akademiyasiga yoʼnaltiriladi;
hujjatlar yoʼnaltirilgandan soʼng bir kun muddatda buyurtmachi tashkilotlar Fanlar akademiyasiga buyurtmanoma taqdim etadi;
Fanlar akademiyasi oʼn ish kuni davomida buyurtmachilar bilan shartnoma rasmiylashtiradi hamda nazariy va amaliy tajriba sinovidan oʼtkazish ishlarini tashkil etadi;
Fanlar akademiyasi bir oydan uch oygacha boʼlgan muddatda ilmiy tajriba-sinov natijalari asosida ilmiy xulosa qabul qiladi;
Fanlar akademiyasi ilmiy xulosa qabul qilgandan keyin uch ish kuni davomida zilzilabardoshlik boʼyicha ilmiy xulosaning nusxasini buyurtmachiga yetkazadi;
shartnoma shartlari toʼliq bajarilganda xulosaning asli va taqdim etilgan hujjatlar buyurtmachiga beriladi.