Qoraxoniylar davriga oid xazina topildi

Toshkent viloyati Oqqoʼrgʼon tumani “Shohruxiya” mahalla fuqarolari yigʼini Hosildor mahallasining janubidagi Sirdaryoning oʼng qirgʼogʼida joylashgan Shohruxiya arxeologik yodgorligining daryoga tutash jarligidan shu yerli fuqaro Shodiyor Ergashev koʼkimtir tusga kirib qolgan 427 dona mis tangalarning jamlanmasiga duch kelgan. Tangalarni olayotganda paytda ular solib qoʼyilgan mato qopcha titilib, kukinga aylanib ketgan.

 Topilmaning noyobligini tushunib yetgan Shodiyor Ergashev bu haqda Oʼzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Tarix institutiga, xususan, bizga murojaat qildi. Xabarni olgach, 2021-yilning 18-aprel kuni Shohruxiyaga yetib borildi. Topilmalarni ilmiy jihatdan oʼrganish uchun Institutga olib kelindi.

Koʼrinishidan zang bosib, koʼkimtir tusga kirib qolgan mis tangalarning bir nechtasi tozalandi. Oʼrganishlar natijasida ularning ogʼirligi 4 grammdan, diametri 31-33 mm.dan iborat ekanligi aniqlandi. Tangalarning har ikkala tomoniga boʼrtma shaklida arab yozuvida matnlar bitilib, bezaklar tushirilgan.

Tanganing old tomoniga qavariq koʼrinishdagi ikki qatorli, sakkiz qirrali geometrik shaklli hoshiya ichiga arab harflaridagi لا اله الا / الله محمد / رسول – “Аllohdan oʼzga iloh yoʼq, Muhammad Аllohning Rasuli” soʼzlari bitilgan. Hoshiyadan tashqarida, tanganing chetiga ham aylanasiga arab harflarida soʼzlar yozilgan boʼlib, ular oʼchib ketganligi sababli nimalar yozilganligini aniqlashning imkoni boʼlmadi.

Tanganing orqa tomoniga ham qavariq koʼrinishda ikki qator halqa ichiga nuqtachalar tushirilgan boʼlib, hoshiya ichiga toʼrt tomonidan tashqariga bargsimon bezatilgan kvadratcha ichiga esa arabiy harflarida / ارسلان / خاقان? – “? Аrslon xoqon” soʼzlari bitilgan. Tanganing bu tomonidagi hoshiya tashqarisidagi arabiy harflar chekilgan yozuvlar ham oʼchib ketgan.

  

Mazkur tanganing zarb etilish davri Qoraxoniylar hukmdori Аrslonxon Muhammad ibn Sulaymon (?-1130/1131) nomi bilan bogʼliq. U 1102-1130-yillarda Movarounnahrni boshqargan. Tanganing zarb etilish davri unda zikr etilgan Аrslon xoqon nomi orqali oʼz tasdigʼini topadi. Tanganing tahlili oʼsha davrda bu hukmdor “Аrslon xoqon” deb nomlanganligini koʼrsatadi. Bu maʼlumot ham tariximizni oydinlashtirish uchun muhim ashyoviy dalil sanaladi.

Topilmalar aniqlangan Shohruxiya yodgorligi milodiy I asrlardayoq mustahkam boshqaruv tizimi, yaʼni qarorgoh – ark va aholi yashaydigan qism – shahristondan iborat shahar boʼlgan. IX-XII asrlarda shahar rivojlanib, Banokat nomi bilan mashhur boʼlgan va shu nom bilan tangalar ham zarb qilingan. Moʼgʼullar davrida vayron etilgach, Аmir Temur hukumronligi davrida qayta tiklanib, Shohruxiya nomini olgan. XVIII asrlarga kelib esa yana xarobaga aylangan. Ushbu shahar oʼz vaqtida janubdan Toshkent vohasi kirib kelinadigan karvon yoʼlini va Turonning shimoliy oʼlkalari nazorat qilinadigan qoʼrgʼon-shahar vazifasini bajargan. Ehtimol shahar ahli orasidagi savdogar yoki amaldor bu topilgan tangalarning egasi boʼlishi mumkin.

 

Dilmurod NORMURODOV,

Fanlar akademiyasi Tarix instituti boʼlim boshligʼi