Oʼzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Polimerlar kimyosi va fizikasi instituti olimlari tomonidan ilk bora dunyo bozorida analogi boʼlmagan “Kuprumxit” preparatni ishlab chiqarish texnologiyasi yaratildi.
“Kuprumxit” preparati gʼoʼza va bugʼdoy oʼsimliklari urugʼlarini ekish oldidan ishlov berishda hamda oʼsimliklar kasallanishining oldini olishda 0,5 % li eritma shaklida qoʼllaniladi. Qishloq xoʼjaligi ekinlari oʼsimliklari urugʼlarini polimer shaklli “Kuprumxit” preparati bilan kapsulalab ekish natijasida urugʼni noqulay ob-havo sharoitlaridan himoya qiluvchi polimer plyonka hosil boʼladi. Gʼoʼza va bugʼdoy urugʼlarini “Kuprumxit” preparati bilan kapsulalab ekishda 20 l/t maqbul sarf meʼyori sifatida aniqlangan. Preparat oʼsimliklarda kasallik qoʼzgʼatuvchi mikroorganizmlarga nisbatan samarali taʼsirga ega boʼlgan va oʼsishni jadallashtiruvchi, immun faollikni oshiruvchi ekologik faol, bioparchalanuvchan, tarkibida biologik faol xitozan va mis (II) ionlari saqlovchi hosilasi hisoblanadi.
“Kuprumxit” preparati tarkibidagi taʼsir etuvchi moddasi hisobiga qishloq xoʼjaligi oʼsimliklarida uchraydigan kasalliklarga qarshi samarali taʼsirga ega preparat hisoblanadi. Preparat qishloq xoʼjaligida samarali preparat hisoblanib, gʼallaning qorakuya kasalligida, shuningdek, mevali daraxtlarda – Monilia fructicola, Monilia fructiigena zamburugʼlari chaqiruvchi monolioz kasalligini oldini olish va davolashda 80-85% biologik faollikka ega.