Joriy yil 4-5-avgust kunlari Oʼzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Аbu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutida “Qadimiy yozma manbalarni saqlash va tadqiq etishning dolzarb masalalari” mavzusidagi akademik Ubaydulla Karimov xotirasiga bagʼishlangan XVIII xalqaro konferensiya oʼtkazildi.
Konferensiya Islom hamkorligi tashkiloti islom tarixi, sanʼati va madaniyatini tadqiq etish markazi (IRCICA), Oʼzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi va Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti hamkorlikda tashkil etildi.
Unda respublikamiz va xorijiy davlatlardan yetakchi soha mutaxassislari, yosh tadqiqotchilar ishtirok etishdi.
Konferensiya ishida qoʼlyozmalarni taʼmirlash, saqlash, restavratsiya jarayonlari, manba va matnlar tahliliga oid masalalar, Islom madaniyati, tarixi, buyuk allomalarimizning ilmiy merosini oʼrganish, Markaziy Osiyo tarixi va tarixshunosligi, meʼmoriy yodgorliklar tarixi, Sharq xalqlari adabiyotining ommalashuvi va maʼnaviy-badiiy qirralari, Sharq tillarining oʼziga xos jihatlari hamda oʼzbek tilshunosligidagi tadqiqotlar jarayoni, Oʼzbekistonning xorijiy Sharq mamlakatlari bilan munosabatlari, yetuk sharqshunos olimlar hayoti va ijodi hamda zamonaviy siyosiy va ijtimoiy masalalarga alohida eʼtibor qaratildi.
Konferensiya materiallari asosida “Qadimiy yozma manbalarni saqlash va tadqiq etishning dolzarb masalalari” “Current Conditions of the Preservatıon and Research of Ancient Written Sources” nomli toʼplam nashr etiladi. Toʼplamdan 80 ga yaqin maqola oʼrin egallaydi.
Konferensiya yakunida faol yosh tadqiqotchilar taqdirlandi.