Qadimiy Xorazm hududidagi paxsadevor obidalarning umri uzayadi

Joriy yil 28-martdan 10-aprelgacha Xiva shahrida Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining umumlashgan madaniy meroslar dasturi doirasida “Loy arxitekturasini saqlash” mavzusida seminar-trening oʼtkazildi. Xorazm Maʼmun akademiyasi bilan hamkorlikda oʼtkazilgan ushbu ilmiy-amaliy seminarda olimlar va tarixiy–meʼmoriy yodgorliklarni saqlash, taʼmirlash hamda targʼib qilish bilan shugʼullanuvchi mutaxassislar ishtirok etishdi.

  

 

Tadqiq etilgan devorlar paxsadan IV-III, XI, XX - asrlarda tiklangan. Ushbu devorlar atmosfera taʼsiridan himoyalanmagan boʼlib, 2500-3000 yil davomida yomgʼir, shamol, qor va quyosh taʼsirida ochiq holda turibdi. Davomli noqulay ekologik sharoitda devorlar yemirilib, buzila boshlagan. Devorlarning 30-50% i yoʼqolib ketgan, koʼpchilik devorlarda yoriqlar paydo boʼlgan.

Xiva shahridagi gil xom ashyodan, xom gʼisht va paxsadan bunyod etilgan Deshon Qalʼa devorlarini anʼanaviy tajribalarga tayanib, badiyligini yoʼqotmagan holda baʼzi qismlarini konservatsiya qilish, qayta tiklash hamda toʼgʼri taʼmirlash boʼyicha ishtirokchilarning fikr-mulohazalari, takliflari atroflicha oʼrganildi.

“Maʼlumki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki Oʼzbekistonda, shu jumladan, Xorazm viloyati, Xiva shahridagi madaniy merosni asrab-avaylash ishlarini rivojlantirish, bu sohaga sarmoyalar kiritish, binobarin turizm sohasining taraqqiyotiga hissa qoʼshishni niyat qilgan”, - deydi trening tashkilotchisi, Fransiyaning Grenobol shahridan tashrif buyurgan mutaxassis Sebastyan Moriset.

Demak, Janubiy Orolboʼyidagi har bir tarixiy obidani monitoring qilish, ilmiy oʼrganish kun tartibidagi dolzarb vazifalardan bittasidir. Аyniqsa, ushbu tadqiqot ishlari bugungi kunda ekologik yomon muhitda joylashgan Qoraqolpogʼiston va Xorazm tarixiy meʼmoriy yodgorliklarini saqlashga oid boʼlganligi bois, uning ahamiyati juda kattadir. Oʼylaymizki, ushbu ilmiy tadqiqotda keltirilgan paxsadevor obidalari va ularni saqlashga oid boʼlgan tadqiqot natijalari mintaqada turizmni rivojlantirishga doir amaliy ishlarga asos boʼladi.

Xulosa qilib shuni aytish joizki, respublikamiz tarixiy yodgorliklarni saqlash boʼyicha yangi ilmiy metodik (turli xil gidrofoblik xususiyatini oshiruvchi indikatorlar ishlatiladi) tadbirlarimiz muvaffaqiyatli bajarilsa, Janubiy Orolboʼyidagi dunyo tamaddunida oʼz oʼrni boʼlgan - 100dan ortiq qalʼalarni saqlash va umrini uzaytirish masalalariga yechim topiladi.