O‘zR FA Polimerlar kimyosi va fizikasi institutida Xitoy xalq Respublikasi Sintszyan fizika va kimyo texnika instituti vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi, unda Sintszyan fizika va kimyo texnika instituti direktor o‘rinbosari Aisa Aijiakber, doktorant Sardor Abdubakiyev, “Central Asian research center of biologically active compounds” Xorijiy tashkiloti bo‘lim rahbari V.A.Premkulova ishtirok etdilar.
Uchrashuvdan ko‘zlangan maqsad O‘zR FA Polimerlar kimyosi va fizikasi instituti ilmiy faoliyat yo‘nalishlari bilan tanishish hamda o‘zaro hamkorlik imkoniyatlaridan foydalanishdan iborat.
Uchrashuv davomida Polimerlar kimyosi va fizikasi instituti direktori akademik Sayyora Rashidova muassasa ilmiy tadqiqot yo‘nalishi va ilmiy ishlanmalarning tijoratlashtrilishi, xususan, paxta chigitiga ekishdan oldin ishlov berishda qo‘llash uchun biorag‘batlantiruvchi, fungitsid va bakteritsid xossali ekologik xavfsiz “UZXITAN”, Kuprumxit, Askorbat, Xitozan kabi preparatlarni olgan holda ipak qurti g‘umbagini kompleks qayta ishlash innovatsion texnologiyasining ishlab chiqilishi va o‘zlashtirilishi, kumush nanozarralari asosidagi bakteritsid buyumlar olish texnologiyasini ishlab chiqilishi va ular asosida bakteritsid paypoqlar ishlab chiqarishning o‘zlashtirilishi, xlorsiz “Poliardez” dezinfektsiyalovchi eritmasining polimer shaklini olish texnologiyasining ishlab chiqilishi va amaliyotga joriy etilishi, keltirilgan mahsulotlarni olishni o‘zlashtrish bo‘yicha ishlar olib borilayotganligi haqida so‘zlab berdi.
Uchrashuv yakunlariga ko‘ra, mutaxassislar almashish va ularning malakasini oshirish, hamkorlikda tadqiqotlar olib borish, hammualliflikda nashrlar tayyorlash bo‘yicha takliflar bildirildi.