Paxtachilikda energo va resurstejamkor qurilma

Oʼzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Mexanika va inshootlar seysmik mustahkamligi instituti olimlari “BMKB-Аgromash” АJ mutaxasislari bilan hamkorlikda universal ramaga ega boʼlgan keng qamrovli paxtachilik kultivator-oʼgʼitlagichini ishlab chiqishdi.

 

Yon ramalari ixcham yigʼiladigan, qator oralari (60,76, 90sm) oʼzgaruvchan kultivator-oʼgʼitlagich 150-200 ot kuchiga ega boʼlgan traktorlarning FIK (foydali ish koeffitsenti) dan toʼla foydalanishni taʼminlaydi.

Mazkur mashinotraktor agregati ish hajmini saqlab qolgan holda ularning umumiy sonini hamda qatorlar orasidan oʼtishlar sonini 50% gacha qisqartiradi. Energo va resurstejamkor boʼlgan ushbu ishlanma Oʼzbekiston sharoitidagi kengligi 4 metr boʼlgan umumiy va dala yoʼllarida ham bemalol harakatlana oladi.

Yuqori ot kuchiga ega boʼlgan zamonaviy traktorlar bilan agregatlanadigan ushbu ishlanmani barcha klaster va fermer xoʼjaliklarida ishlatib yuqori samaradorlikka erishishi mumkun.

Ramaga mahkamlangan yon sektsiyalarni ishchi holatga yoki ishchi holatdan transport holatiga oʼtkazish gidrotsilindrlar yordamida oson amalga oshiriladi. Miqdori 50 kgdan 300 kggacha boʼlgan turli markadagi mineral oʼgʼitlarni bir gektar yerga meʼyor boʼyicha bir xilda taqsimlaydi. Ishchi sektsiyalar orasidagi masofani oʼzgartirishni mexanizatorning bitta oʼzi bemalol amalga oshirishi mumkun.