Oʼzbekistonda saygʼoqlar sanogʼi oʼtkazildi

2021-yilning fevral oyida “Saygachiy” kompleks (landshaft) buyurtmaxonasida doimiy marshrutlarda saygʼoqlarning sanogʼi oʼtkazildi.

Sanoqda kompleks buyurtmaxonaning hamda Oʼzbekiston Fanlar akademiyasi Zoologiya institutining Kamyob hayvon turlari hisobi va kadastri laboratoriyasi xodimlari ishtirok etdi.

Mutaxassislarning hisob-kitoblariga koʼra, hozirda qoʼriqxona hududida rezident (mahalliy) va qishki janubga koʼchish paytida chegara devoridagi oʼtish joylari orqali Qozogʼistondan kirib kelishi mumkin boʼlganlar bilan birgalikda 100 ga yaqin saygʼoq yashaydi. Maʼlumot oʼrnida shuni taʼkidlash lozimki, saygʼoq Qizil kitobga kiritilgan va u butunlay yoʼqolib ketish arafasida turgan juda noyob tur hisoblanadi.

2012-yildan beri qoʼllanilayotgan doimiy yoʼnalishlar boʼyicha saygʼoqlarni roʼyxatga olish metodini qizgʼin va ijodiy muhokama qilish natijasida mavjud roʼyxatga olish yoʼnalishlarining joylashishi, roʼyxatga olish muddati va mohiyati boʼyicha uni takomillashtirishga doir fikrlar bildirildi. Bu sanoqning samaradorligi va ishonchliligini oshirishi kutilmoqda.

 

Ma'lumot uchun: 2012-yilning aprel oyida ushbu metod orqali sanoq oʼtkazilganda oʼrganilayotgan hududdagi saygʼoqlarning maksimal soni qayd etilgan va 525 tani tashkil etgan. 2021-yilda 10 nusxagacha boʼlgan hayvonlar kichik guruhlarining yangi izlari qayd etildi. Shuningdek, qish mavsumida kompleks boʼylab joylashtirilgan fotoqopqonlarda bir necha bor qayd etilgan.

 

Аleksandr Yesipov va Аlisher Аbduraxmonov.