O‘zbekistonda kam uchraydigan kasalliklar diagnostikasiga bag’ishlangan davra suhbati tashkil etildi

Bugun, 13-sentabr kuni O’zR FA Immunologiya va inson genomikasi instituti tomonidan Rossiya va Qozog’istondan tashrif buyurgan xalqaro ekspertlar ishtirokida “O‘zbekistonda kam uchraydigan kasalliklar diagnostikasi va davolashning dolzarb masalalari” mavzusida davra suhbati o’tkazildi. Unda respublikamizdagi yetakchi soha mutaxassislari ishtirok etdi.

  

Davra suhbati O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 9-sentyabrdagi “Kam uchraydigan (orfan) va boshqa irsiy-genetik kasalliklarga chalingan bolalarga tibbiy va ijtimoiy yordam ko‘rsatishni yanada yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 4440-son hamda 2022-yil 25-apreldagi “2022 — 2026-yillarda onalik va bolalikni muhofaza qilishni kuchaytirish to‘g‘risida”gi 216-sonli qarori doirasida tashkil etildi.

Davra suhbatini o‘tkazishdan asosiy maqsad keng jamoatchilik e’tiborini kam uchraydigan kasalliklarga chalingan bemorlarning muammolariga, respublikamiz tibbiyot va ilmiy hamjamiyati duch kelayotgan qiyinchiliklarga jalb etish, kam uchraydigan kasalliklarning malakali diagnostikasi va terapiyasini rivojlantirish, shuningdek, yuqori malakali tibbiy yordam ko‘rsatish uchun yangi imkoniyatlarni yaratishdan iborat.

Klinik, immunologik va epidemiologik tadqiqotlar o‘tkazishga qaratilgan qo‘shma ilmiy-tadqiqot va ilmiy-amaliy loyiha va dasturlarni ishlab chiqish va amalga oshirish hamkorlikning muhim yo‘nalishi bo‘ladi.