O‘zbekistonda fan uchun yangi o‘rgimchak turi aniqlandi

O‘zbekiston hududidan bo‘ri o‘rgimchaklar (Lycosidae) oilasiga mansub mutlaqo yangi tur qayd etildi.
Tadqiqot Xorazm Ma’mun akademiyasi PhD tadqiqotchisi M. Bektursunova, uning ilmiy rahbari prof. I. Abdullayev hamda Rossiya Fanlar akademiyasining Zoologiya instituti olimi Dr. D. Logunov hamkorligida olib borildi.
Yangi tur Qoraqalpog‘iston Respublikasining Ustyurt platosi sharqiy qismida — Barsa-Kelmes botig‘i hududida aniqlangan.

 

Fan uchun tavsiflangan yangi tur — Karakumosa ustyurtica deb nomlandi.
Tur nomi Ustyurt platosi nomidan olingan bo‘lib, uning tip hududiga bog‘liqligini bildiradi.

Holotip namunasi 2025-yil iyul oyida yig‘ilgan. Namunalar morfologik va taksonomik tahlillar asosida o‘rganilgan. Tip namunalar Rossiya FA Zoologiya instituti kolleksiyasida saqlanmoqda.

Mazkur kashfiyot bilan Karakumosa jinsiga mansub turlar soni 19 taga yetdi.
Tadqiqot natijalari xalqaro nufuzli Arachnology jurnalida e’lon qilindi (https://drive.google.com/file/d/1Yg6VdPZwmOzASEZwMjBn-VVFsmnLh8qJ/view?usp=sharing).
Bu yangilik O‘zbekiston zoologiya ilm-fani uchun muhim qadam bo‘lib, mamlakatimiz bioxilma-xilligini o‘rganish borasidagi izlanishlar davom etayotganini yana bir bor tasdiqlaydi!